09:20 / 11.05.2018
11832

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi O‘zbekistonga bir qator tavsiyalar berdi

Foto: BMT bosh kotibiyati

Joriy yilning 9 may kuni Jyeneva shahrida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 30-sessiyasida O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha milliy ma'ruzasi Universal davriy hisobot doirasida ko‘rib chiqildi. Bu haqida Kengash saytida xabar berilgan.

Universal davriy hisoboti Ishchi guruhi tomonidan 7-18 may kunlariga rejalashtirilgan sessiyasida O‘zbekiston bilan birgalikda 14 davlatning hisobotlari qabul qilinadi.

Bu O‘zbekistonning uchinchi milliy ma'ruzasidir. O‘zbekistonning birinchi va ikkinchi milliy ma'ruzalari 2008 yil dekabr va 2013 yil aprel oylarida tinglangan edi.

Hisobot quyidagi hujjatlarga asoslanadi:

1) milliy ma'ruza – ko‘rib chiqilayotgan Davlat tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar;

2) inson huquqlari bo‘yicha mustaqil ekspertlar va tashkilotlar hisobotlaridagi ma'lumotlar (maxsus tartib deb ataladi), inson huquqlariga oid shartnomalarning ijrosiga mas'ul idoralar va boshqa BMT muassasalarining ma'lumotlari;

3) boshqa manfaatdor tomonlar, jumladan inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalar, mintaqaviy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari tomonidan berilgan axborot.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, professor Akmal Saidov boshchilik qilmoqda. Shuningdek, kechagi eshituvda Adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov va Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov ham ma'ruza qilgan.

Universal davriy hisobot doirasida taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasining uchinchi milliy ma'ruzasi matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin. 

O‘zbekistonning milliy ma'ruzasi va uning muhokamasi internet orqali jonli efirga uzatildi hamda ushbu videoni quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston hisoboti qanday qabul qilindi?

9 may kunidan buyon inson huquqlariga oid bir qator tashkilotlar aynan shu haqida yozishmoqda. Umumiy olganda, O‘zbekistondagi vaziyat muhokamasi avvalgi yillarga qaraganda ancha yaxshi o‘tdi, deyish mumkin. Garchi ekspertlar hali quvonishga vaqtli, deyishgan bo‘lsada, lekin O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida iliq fikrlar ham bot-bot takrorlanmoqda.

Masalan, Human Rights Watch tashkiloti saytida O‘zbekiston hisoboti bo‘yicha alohida maqola chiqdi (aytgancha, shu tashkilot sayti ham O‘zbekistondan ochiladigan bo‘libdi). Maqolada quyidagi bandlar e'tiborga molik:

«Mirziyoyev o‘nlab siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqardi va sud tizimining mustaqilligini oshirish bo‘yicha islohotlar o‘tkazdi. So‘nggi quvonarli yangiliklardan biri ekstremizmda ayblangan jurnalist Bobomurod Abdulla va yana 3 nafar shaxsning ozod etilishi bo‘ldi. So‘z erkinligi va mitinglarga yo‘l berilmoqda, Mirziyoyev majburiy mehnatga chek qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi. Bu katta qadam».

Shu va shu kabi iliq fikrlar fonida hali kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligi haqida ham eslatib o‘tilmoqda. Shu o‘rinda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi O‘zbekistonga bir qator tavsiyalar berdi.

Ushbu tavsiyalarni quyida birma-bir sanab o‘tamiz:

Sud tizimidagi islohotlarni amalga oshirish maqsadida sudlar, prokurorlar va huquqshunoslarni o‘qitishni davom ettirish, sudlardagi shaffoflikni oshirish va siyosiy motivlar asosida hibsga olingan mahbuslarni ozod qilish.

Qiynoqlarning har qanday turiga barham berish, Qiynoqqa qarshi Konventsiyaga fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida mustaqil monitoring mexanizmini joriy qilish. Shuningdek, mahbuslarning o‘z oilalari bilan bog‘lanish va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilish huquqini ta'minlash tavsiya etilmoqda.

So‘z, birlashish va e'tiqod erkinligini ta'minlash yuzasidan aniq choralarni amalga oshirish, shuningdek jurnalistlar va huquq himoyachilarini ta'qib qilish hamda o‘zboshimchalik bilan ushlab turishga chek qo‘yishni tavsiya qilishmoqda.

Ko‘cha sharoitida yashaydigan va ishlaydigan ehtiyojmand, qarovsiz bolalarni himoya qilishni ta'minlash va ularni savdo, iqtisodiy hamda jinsiy ekspluatatsiya qilish hollariga barham berish. Shuningdek, jismoniy jazolarni taqiqlash va ta'lim tizimini kengaytirishni tavsiya qilishmoqda.

Ayollar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish choralarini kuchaytirish, gender tengligini ta'minlash. Shuningdek, ayollarning siyosiy, iqtisodiy, jamiyat hayotining boshqa sohalarida faolligini oshirish va CEDAW-2015 tavsiyalarini bajarishni taklif qilishmoqda.

O‘zbekistonning paxta sanoatida bolalar va ayollar ishtirokidagi majburiy mehnatni qisqartirish yo‘lidagi sa'y-harakatlarini ma'qullaydi, biroq hozirda tashvishli bo‘lib turgan majburiy mehnatga butunlay barham berishni tavsiya qiladi.

Barcha shaxslarni zo‘raki yo‘qolishlardan himoya qilish to‘g‘risidagi Xalqaro koventsiyani ratifikatsiya qilishni tavsiya qilishmoqda.

Xushnudbek Xudayberdiyev, huquqshunos

Top