15:03 / 15.05.2018
27097

Hilol siyrati

Ma'lumki, Ramazon oyida hilolni (yangi chiqqan oyni) ko‘rish bilan ro‘za tutish boshlanadi va shavvolning hilolini ko‘rish bilan tugatiladi. Ramazon arafasida, sha'bon oyining yigirma to‘qqizinchi kuni musulmonlar yangi oyni ko‘rishga harakat qiladilar. Buning uchun o‘sha kuni quyosh botgan paytda osmonga qarab turiladi. Agar oy yangilangan bo‘lsa, bir ko‘rinib o‘tadi va ertangi kun Ramazonning birinchi kuni bo‘ladi. Agar yangi oy ko‘rinmasa, sha'bonni o‘ttiz kunlik qilib, indiniga ro‘za tutish boshlanadi.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hilolni ko‘rmaguncha ro‘za tutmanglar. To uni ko‘rmaguncha og‘iz ochmanglar. Agar u sizlardan bulut bilan to‘silib qolsa, hisobini qilinglar», dedilar.

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan.

Termiziyning lafzida: «Ramazondan oldin ro‘za tutmanglar. U(oy)ni ko‘rib ro‘za tutinglar va uni ko‘rib ochinglar. Agar uni bulut to‘sib qolsa, o‘ttiz kunni mukammal qilinglar»deyilgan.

Boshqa bir rivoyatda esa: «Agar sizlardan bulutlar bilan to‘silib qolsa, o‘ttiz kun ro‘za tutinglar»deyilgan.

Ushbu rivoyatlarda Ramazon oyining boshlanishi va tugashi Ramazon va shavvol oyi hilollarini ko‘rish bilan sobit bo‘lishi ta'kidlanmoqda. Shuningdek, mabodo tabiiy sharoitlar noqulay kelib, yangi oyni ko‘rish imkoni bo‘lmay qolsa, Ramazondan oldingi sha'bon oyini o‘ttiz kunlik mukammal qilib, keyingi kundan Ramazoni sharifning birinchi kuni boshlanadi. Xuddi shu kabi Ramazon oyining yigirma to‘qqizinchi kuni shavvol oyining hilolini ko‘rishga harakat qilinadi. Agar hilol ko‘rinsa, ro‘za tugagani va ertasiga iyd ekani e'lon qilinadi. Mabodo hilol ko‘rinmasa, ro‘zani o‘ttizinchi kuni ham tutib, keyin iyd qilinadi.

Ayni shu xilda amal qilish borliqni yaratgan Alloh taoloning irodasiga muvofiq ravishda oyni belgilashdir. Oy tevarak-atrofimizdagi eng katta alomatlardan biri hisoblanadi. Shunday katta alomatni ko‘rib ro‘za tutishni boshlash va tamomlash bu muhim ishda hamma narsaning ochiq-oydin bo‘lishini, hech kim va hech narsa unga o‘zgarish kirita olmasligini ta'minlaydi. Barcha bandalar barobar bo‘lib, Allohning amri bo‘lgan ro‘zani U Zot belgi qilib yaratgan oyga qarab boshlaydi va tamomlaydi.

Qamariy yilda yangi yil o‘n ikki kun oldinga surilib boradi. Shuning uchun ham har Ramazon avvalgisidan o‘n ikki kun oldin keladi. Shu tariqa o‘ttiz uch yilda yilning hamma vaqtida Ramazon tutiladi. Bu esa turli sharoitlarida ro‘za tutishni ta'minlaydi. Bir mintaqada ro‘za tutish doim qulay iqlim sharoitida, boshqasida doimo noqulay sharoitda bo‘lib qolmaydi.

Oyni ko‘rib ro‘za tutish va ochish barcha musulmonlar uchun barobar hukm bo‘lib, bu ularning birliklari ramzi hamdir. Buning yana boshqa hikmatlari ham ko‘p, haqiqiy hikmatlarini esa Alloh taoloning O‘zi biladi.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ikki iyd oylari – Ramazon va zulhijja noqis bo‘lmaydi», dedilar».

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan.

Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifning ma'nosi haqida bir necha xil ta'vil aytishgan. Biz o‘rganayotgan ushbu bobga tegishli ta'vilda esa ikki iyd oylari, ya'ni Ramazon va zulhijja bir yilda baravariga noqis, ya'ni yigirma to‘qqiz kunlik bo‘lmasligi aytilgan. Biri yigirma to‘qqiz kunlik bo‘lishi mumkin, lekin ikkalasi ham baravar noqis bo‘lmaydi.

Husayn ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Makkaning amiri xutba qilib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga oyni ko‘rib, ibodatni qilishni, agar uni ko‘ra olmasak, ikki adolatli shohid guvohlik bersa, ularning guvohligi bilan ibodat qilishimizni amr qilganlar», dedi.

Abu Dovud va Doraqutniy rivoyat qilishgan va Doraqutniy sahih degan.

Ushbu rivoyatda zikri kelayotgan Makkaning amiri buyuk sahobiy Abdulloh ibn Umardir. Uning ibodatlarni oyni ko‘rib qilish haqidagi so‘zlari Ramazon oyidagi ro‘za va zulhijja oyidagi haj ibodatlarining vaqtini tayin­lashda oyni ko‘rishga e'timod qilish zarurligini bildiradi. Agar ikki adolatli kishi «Biz yangi oyni ko‘rdik», deb guvohlik bersa, ularning guvohliklari qabul qilinadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biridan rivoyat qilinadi:

«Odamlar Ramazonning oxirgi kuni haqida ixtilof qilib qolishdi. Shunda ikki a'robiy kelib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurida Allohning nomi bilan kecha kechqurun hilolni ko‘rganlari haqida guvohlik berishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga og‘izni ochishga va ertasiga namozgohga chiqishga buyurdilar».

Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisi sharifdan sahroyi bo‘lsa ham ikki adolatli kishining hilolni ko‘rganligi haqidagi guvohligi qabul qilinishini bilib olamiz.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Odamlar hilol haqida tortishib qolishgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uni ko‘rganimni aytdim. Shunda u zot ro‘za tutdilar va odamlarni ham ro‘za tutishga buyurdilar».

Abu Dovud, Ibn Hibbon, Hokim rivoyat qilishgan va Hokim sahih degan.

Ushbu hadisdan Ramazon kirgani adolatli bir kishining guvohligi bilan ham sobit bo‘lishi, uning guvohligi qabul qilinishini bilib olamiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Bir a'robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Men hilolni ko‘rdim», dedi. «Laa ilaha illalloh, deb guvohlik berasanmi?» degan edilar, «Ha», dedi. «Muhammadur Rasululloh, deb guvohlik berasanmi?» degan edilar, «Ha», dedi. «Ey Bilol, odamlarga e'lon qil, ro‘za tutishsin»dedilar».

«Sunan» egalari, Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilishgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mazkur a'robiyga Islom haqida savol bera turib, ishonch hosil qilganlaridan keyingina uning guvohligini qabul qilishlari «musulmon kishi aslida adolatlidir» degan qoidaga binoandir. Har bir musulmon odam adolatli hisoblanadi, lekin bu sharafga munosib bo‘lmagan, shariatga xilof ishlarni qilishi bilan «adolatli» degan unvonini yo‘qotadi. Fosiq va fojir kishining guvohligi esa qabul qilinmaydi.

Ulamolarimiz, shu jumladan, imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi ham mazkur ikki hadisni dalil qilib, bitta adolatli kishining hilol haqidagi guvohligi qabul qilinadi, deydilar.

Kurayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ummu Fazl bint Horis meni Shomga, Muoviyaning oldiga yuborgan edi. Shomga kelib uning yumushini bajardim. Shomdaligimda Ramazon kirib qoldi, hilolni juma kechasi ko‘rdim. So‘ngra oyning oxirida Madinaga keldim. Ibn Abbos mendan: «Hilolni qachon ko‘rdinglar?» deb so‘radi. «Juma kechasi ko‘rdik», dedim. «Sen o‘zing ko‘rdingmi?» dedi. «Ha, boshqa odamlar ham ko‘rishdi, ro‘za tutishdi. Muoviya ham ro‘za tutdi», dedim. «Lekin biz shanba kechasi ko‘rdik. To o‘ttiz kunni mukammal qilgunimizcha yoki uni (yangi oyni) ko‘rgunimizcha tutaveramiz», dedi. «Muoviyaning ko‘rgani, ro‘za tutgani bilan kifoyalanmaysanmi?» dedim. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shunday buyurganlar», dedi».

Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisga amal qilgan ba'zi ulamolar «Har o‘lka aholisi hilolni o‘zi ko‘rib, shunga binoan amal qilishadi», deganlar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

  («Mo‘minning qalqoni» kitobidan)

Mavzuga oid
Top