O‘zbekiston | 19:08 / 16.05.2018
22172
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi tayinlangan sudyalar qasamyod qabul qildi

Bugun, 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining qaroriga muvofiq birinchi marta lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining2018 yil 8 maydagi qarori bilan ilk bor besh yillik muddatga sudyalik lavozimiga tayinlangan 19 nafar sudyaning qasamyodi eshitildi.

Yangi tayinlangan sudyalar zimmalariga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga qasamyod qilishdi.

Majlis ishtirokchilari qasamyod qabul qilgan sudyalar, ularning oila-a'zolari va yaqinlarini ushbu muhim voqea bilan tabrikladi. Yuksak ishonchni to‘la oqlashlariga, fidoiylik bilan mehnat qilishlariga, qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilishlariga ishonch bildirishdi.

Tadbirda Oliy sud raisi K.Komilov O‘zbekiston Respublikasi sud-huquq tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar haqida gapirib o‘tdi. 

- Sudya - bu gapiruvchi qonun. O‘tgan bir yarim yil ichida yurtimizda qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rib turibsiz. 

Qabul qilayotgan qarorlaringizni oyda bir marta xalqning oldiga chiqib tushuntiring. Xalq bilan birga bo‘ling. Yurishingizda, turishingizda sudyalik lavozimingizga loyiq bo‘lishingiz shart. Hozir kechayu kunduz ishlaydigan payt. Ertalab pokizalik bilan ish boshlab kechqurun pokizalik bilan uyga kirishingiz kerak. Xalq dardi bilan yashang. 

Albatta, sudda bir taraf yutadi, boshqasi yutqazadi. Har bir qabul qilingan qarorlaringizni taraflarga uning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishingiz shart. Bu Oliy sud raisi sifatida sizga bergan birinchi topshirig‘im bo‘ladi, - dedi Oliy sud raisi K.Komilov.

Qasamyod qabul qilgan sudyalarga guvohnoma va “Sudyalar odob-ahloqi qoidalari” kitobi topshirildi.

Mavzuga oid