Jamiyat | 23:40 / 21.05.2018
32429
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasi Masjidlar bo‘limi mudiriga yuklatildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimovning buyrug‘i bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib diniy idoraning Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonov​ tayinlandi. Bu haqda O‘MI Matbuot xizmati​ xabar bermoqda.

Rahimberdi Rahmonov

«​Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo‘lib turganliklari sababli Ramazon oyida diniy sohada ayni ish hajmining ortishi, ko‘plab tadbirlar va xayrli loyihalarda mas'ullik yuklatilishi munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi  vazifasini vaqtincha Ergash domla Rustamov bajarib turgan edi. 

Bugun, 21 may kuni Toshkent shahridagi «Minor» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonovni vazifasidan ajralmagan holda Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimovning buyruqlarini o‘qib eshittirdi»​, deyiladi xabarda. 
Joriy yilning 28 aprel kuni «Minor» masjidi bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov 19 kundan buyon komada yotgani ma'lum bo‘lgandi.​ Avvalroq mikroinsultni boshdan kechirgan​ Anvar qori Tursunovning vazifalari 14 may kuni Toshkent shahridagi «​Shayx Zayniddin»​ jome masjidida Toshkent shahar imom-xatiblarining navbatdagi majlis​ida Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergash Rustamov​ga yuklatilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid