Jahon | 22:32 / 23.05.2018
5646
2 daqiqa o‘qiladi

Fidel Kastroga suiqasd qilishga urinishda ayblangan terrorchi vafot etdi

Foto: AP

Kubaning ko‘p yillik yetakchisi, marhum Fidel Kastroga suiqasd qilishga tayyorlanishda ayblangan kubalik muhojir Luis Posada Karriles AQShda 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda Miami Herald nashri ma'lum qildi

Karriles advokatining ma'lum qilishicha, Kuba yetakchisining eng faol raqiblaridan biri saraton kasalligidan aziyat chekkan. Oxirgi mahal u Florida shtatida yashagan. 

Gavana va Lotin Amerikasining bir qator davlatlarining ma'lum qilishicha, Karriles 1976 yilda Barbados sohili ustida Cubana de Aviacion kompaniyasi samolyotini portlatishni tashkillashtirishga aloqador hisoblanadi. Samolyot portlatilishi oqibatida 73 kishi halok bo‘lgan. Bu terakt Lotin Amerikasi tarixidagi eng ko‘p qon to‘kilgani bo‘lgan.  Bundan tashqari, Gavananing ta'kidlashicha, Karriles 1997 yilda Kubadagi mehmonxonalarning portlatilishini tashkillashtirish va 2000 yilda Kastroga suiqasd qilishga urinishga aloqador bo‘lgan.

Karriles Venesuelada terakt sodir etgani uchun sudlangan, biroq turmadan qochishga muvaffaq bo‘lgan. U 2005 yilda AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tish vaqtida ushlangan. Biroq AQSh sudi Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti bo‘lgan Karrilesga terrorchilik bo‘yicha ayblovlar qo‘ymagan va uni Kuba yoki Venesuelaga qaytarishni rad etgan.