10:49 / 23.05.2018
6916

Raqobat qo‘mitasi dori vositasi bo‘yicha brend mojarosiga oydinlik kiritdi

Foto: UzTAG

Respublikada dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ishlab chiqarilishiga katta e'tibor berilmoqda. Kunora yangi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi farmkompaniyalar paydo bo‘lmoqda. Shuningdek, dori vositalarini ham ko‘paytirish, importni o‘rnini bosuvchi dori vositalari ham juda ko‘p ishlab chiqarilmoqda.

Ammo, boshqa bir taniqli brend ostida o‘z dori vositalarini ham taqdim etayotganlar ham uchrab turibdi, deb xabar berdi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.

O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga “Quramax Medikal” MChJ tomonidan unga tegishli “CINAPAR/TseNIPAR/TSINEPAR” tovar belgisidan “Merrymed Farm” QK MChJ tomonidan noqonuniy foydalanib “MR SENIPAR” nomi bilan dori vositasi ishlab chiqarayotganligidan norozi bo‘lib, ariza bilan murojaat qilgan.

Davlat raqobat qo‘mitasi mazkur masala yuzasidan o‘tkazgan o‘rganishlari natijasida qo‘yidagilar aniqlangan.

Intellektual mulk agentligining xulosasiga ko‘ra, “CINAPAR/TseNIPAR/TSINEPAR” tovar belgisi uchun Agentlik tomonidan 2012 yil 24 oktabrda №MGU 26406-sonli guvohnoma berilib, “Quramax Medikal” MChJning intellektual mulki sifatida ro‘yxatga olingan.

Shu bilan birga, Agentlik taqdim etgan ma'lumotda “Quramax Medikal” MChJga berilgan tovar belgisi “Merrymed Farm” QK MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “MR SENIPAR” va “MR SENIPAR” dori vositasiga aynan o‘xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash ekanligi va bu qonun hujjatlariga zidligi qayd etilgan.

Ta'kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining13-moddasida insofsiz raqobat, ya'ni bu tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste'mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste'molchilarni chalg‘itish, xo‘jalik yurituvchi sub'yekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo‘jalik yurituvchi sub'yektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Yuridik shaxsni individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga bo‘lgan mutlaq huquqni olish, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub'yekt (raqobatchi) tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarga nisbatan belgi bilan aynan o‘xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu holatlar bo‘yicha Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasi 3-qismi buzilish alomatlari yuzasida ish qo‘zg‘atilib, Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan va qaror qabul qilingan.

Mazkur Qarorga asosan “Merrymed Farm” QK MChJ tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasi 3-qismiga rioya etilmagan deb topilib, qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilgan.

Qo‘mitaning ko‘rsatmasini ijrosini ta'minlash maqsadida “Merrymed Farm” QK MChJ tomonidan “MR SENIPAR” va “MR SENIPAR” dori vositalari (tabletka va suspenziya) ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan.

Top