10 yanvar kuni Dok-1 Maks ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etdi. Unda Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyev ko‘rsatma berdi.
Bu sud jarayonlari qariyb 5 oydan buyon davom etyapti. Shu paytgacha bergan barcha ko‘rsatmalarimni tasdiqlayman.
Oldin ham sudda so‘z berilganida gapirgandim. Menga nisbatan tergov tomonidan aybim bo‘lmasa ham, ayblov xulosasi menga nisbatan bo‘ldi. Sud davomida men va advokatlarim tomonidan barcha ayblovlarga nisbatan bandma-band dalillar va isbotlar bilan oydinlik kiritildi. O‘zi rahbarlik qilishi kerak bo‘lgan ekspertlar kengashida chiqarilgan hujjatlarga imzo chekkan, degan ayblovga nisbatan ham dalil keltirildi. Ya’ni Sog‘liqni saqlash vazirining 104-sonli qarorida rahbar bo‘lmasa ham, ekspertlar kengashi rahbar o‘rnini bosuvchi shaxs bilan o‘tishi mumkin, degan band bor. Tergovda ham buni aytganman, ammo buni inobatga olishmagan. O‘sha paytda davlat delegatsiyasi tarkibida AQShda bo‘lganim ham aytilmagan. Tergov tomonidan menga nisbatan qasddan ayblov qo‘yish deb bilaman.
O‘zim ham huquqshunosman. Shu nuqtai nazardan aytolamanki, ayblov xulosasi bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan epizodlar bilan bo‘rttirib yozilgan. Dori vositasining litsenziya sertifikat muddati o‘tib ketgan, degan ayblov qo‘yilyapti. Lekin sud-tergov jarayonida ko‘rinyaptiki, shartnoma bo‘yicha pul tushmasdan turib korxonasi tomonidan sertifikat taqdim etilyapti, ammo tergov hujjatlarida keltirilmayapti bu. Sirop bo‘yicha barcha hujjatlar topshirilgan, sud tergovida har bandi bo‘yicha aniqlik kiritildi.
Bu dorining O‘zbekistonga kirib kelishini to‘xtatish iloji yo‘q edi deb o‘ylayman. Chunki xalqaro qonunchilikda, Britaniya farmakopeyasida dori vositalaridagi propilenglikol moddasi ichidagi yot modda etilenglikolni tekshirish ko‘zda tutilmagan, O‘zbekiston qonunchiligida sirop dori vositalaridagi yot moddalarni tekshirish ko‘rsatilmagan. Shu nuqtai nazardan xodimlarim tomonidan olib borilgan ishlar qonun doirasida amalga oshirilgan.
Yuqorida aytganimdek, Britaniya farmakopeyasida propilenglikol moddasi ichida etilenglikol va dietilenglikol borligini tekshirish yo‘q. Shuning uchun ham ishlab chiqaruvchi Hindiston kompaniyasi ham o‘zining tekshiruvlarida bu narsani tekshirib ko‘rmagan. Agar bu holatda mendan boshqa rahbarlar bo‘lganda ham xuddi shu mexanizmda voqea takrorlanar edi, chunki farmakopeyada bu ko‘rsatilmagan, qonunchilikda ham siroplarni yot moddalarga tekshirish aytilishi kerak edi. Siropning O‘zbekistonga kirib kelishi jarayonida hech kimda jinoyat holati bo‘lmagan, bu narsaning oldini olish imkoni yo‘q edi.








