Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijon viloyati hokimi birinchi va ikkinchi «tovuq boqish kampaniyasi» hamda chegaradagi muammolarga izoh berdi
Joriy yilning 19-20 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida bo‘ldi. Davlat rahbari tashrif davomida viloyatda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Prezident viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov faoliyatiga yuqori baho berdi va uni doim qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi.
Kuni kecha viloyat hokimi Andijon xalqiga murojaat bilan chiqib, bundan keyingi rejalar, maqsadlar, olib boriladigan ishlar haqida bayonot berdi. Hokim o‘z chiqishida turli sohalardagi qing‘irliklar va aholining bugungi kun kayfiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
1-qism
2-qism
Boqimandalik – endi u gaplar ketmaydi
“E'tibor berdingizmi, davlatimiz rahbari AQShdan qaytib kelgach, to‘g‘ri Andijon viloyatiga tashrif buyurdilar. Bu holatni menga: “Hozir bir soat ham g‘animat, hozir bemalol, befarq bo‘lib o‘tirsak, hayotdan ortda qolib ketamiz”, deb izohladilar. U kishi Andijonda “har bir oila- tadbirkor” shiori ostida yangicha islohotlar o‘tkazish uchun menga alohida topshiriqlar berdilar.
Ochiq muloqotda chiqayotganimning sababi ham shu, bu gaplarni har kim har xil talqin qilmasin. Boqimandachilik, ishlamasdan “ber-ber” deyish, harakat qilmasdan nimadir talab qilish – bunday siyosat bo‘lmaydi. Hamma harakat qilishi kerak. Televideniye orqali kuzatgan bo‘lsangiz kerak, ikki oyog‘i yo‘q qizning turmush tarzini. U shu holatida tikuvchilik qiladi, ro‘zg‘or ishlarini yuritadi. Bu qiz ham o‘ziga, ham jamiyatga foyda keltirmoqda. U aytadi: “Menga unisi-bunisi yordam qilaman deydi, kerak bo‘lsa men ularga yordam beraman”. Har qanday oilani ma'lum bir yo‘nalishga jalb etish, uni yetaklash, o‘rgatish, tushuntirish bizning vazifamiz. U yog‘ini tortib ketishi uning vazifasi. Agar shunda ham boqimandalik qilsa, bunday oilaning hech kimga keragi yo‘q”.
Har bir xonadonga kirib chiqiladi, har bir oila tadbirkor bo‘ladi
“Har bir oila tadbirkor bo‘ladi, u o‘qituvchimi, shifokormi, umuman, barcha xonadonlarga kirib buni tushuntiramiz. Bu – tepadan turib olib gapirish emas. Har bir xonadonga kirib, uning ichki imkoniyatlarini hisobga olgan holda tadbirkorlikka yo‘naltiramiz. Prezidentimiz Andijon viloyatiga juda katta mablag‘ ajratib berdi. Davlat katta-katta zavod, fabrikalar qurmaydi. Chunki biz hozir xususiylashtirish yo‘li orqali ketyapmiz. Hozir biz zavod, fabrika qurayotgan tadbirkorning qo‘liga qarab qolsak, Andijondek aholisi ko‘p viloyatni ish bilan ta'minlashga qiynalib qolamiz.
Shuning uchun har bir oila o‘zi harakat qilsin. Davlat, hukumat esa yordam bersin, mablag‘ ajratsin. Har bir tumanga o‘zim boshchiligimdagi guruh borib, 10 kun o‘sha yerda bo‘lib, xonadonlarga bittama-bitta kirib chiqaman. Men kabinetda o‘tirvolib, “falonchi baliq boqadi, pismadonchi tovuq boqadi”, deb kredit ajrataversam bo‘lmaydi, chunki u oila baliq boqa oladimi, tovuq boqa oladimi, borib ko‘rmasangiz bilolmaysiz-ku. Agar o‘sha oila ma'lum bir sohada o‘qimagan bo‘lsa, kerak bo‘lsa, o‘sha o‘zi yoqtirgan yo‘nalish, sohada o‘zimiz o‘qitib olamiz.
Viloyatimizda 16ta shahar va tuman bor. 550 mingdan oshiq xonadon, 739 ming oila bor. Har bir xonadonga kirib chiqqunimizcha, vaqtni boy berib qo‘yishimiz mumkin. Shu sabab har bir mahallada o‘z vakilim bo‘ladi. Fuqarolar bu vakilga bemalol murojaat qilishlari mumkin.
Ayrim noinsof rahbarlar firibgarlik qilishdi...
Ayrim bankirlar va atrofimdagi noinsof rahbarlarning kasriga ko‘p ishlar o‘lda-jo‘lda qoldi. Bilasizmi, tovuq 16 oy tuxum beradi. To‘rt oylik bo‘lgandan keyin tuxum berishni boshlaydi. Tovuq tarqatish jarayonida, xonadonlarga kredit rasmiylashtirib berishganida, shunday o‘yinlar bo‘ldiki, xonadonlarga 14-15 oy tuxum bergan, tuxum berishdan qolayotgan tovuqlarni olib borib berishdi. Oqibatda aholining kayfiyati davlatga teskari bo‘ldi, olib borilayotgan ishlarga ishonchi yo‘qoldi.
Bu yil bunday xatoga yo‘l qo‘yilmaydi. Naslli tuxumlarni ochtirib, jo‘jalarni to‘rt oy boqib, ular endi tuxumga kirayotgan pallada xonadonlarga olib borib beriladi. Ro‘zg‘orini boqishga ham, kreditini qoplashga ham imkoniyat qilib beriladi.
Yangi loyiha – mahalla qoshida agrofirma
“Tovuq boqadiganlar “Har kunlik tuxumlarni qayoqqa olib chiqib sotamiz, bizning bunday imkoniyatimiz yo‘q-ku, hokim nima deyapti o‘zi”, deyishlari mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun mahallalarda agrofirmalar tashkil qildik. Buni mahalla raislarining barchasi biladi. Xonadonlar tuxumlarini o‘sha agrofirmalarga olib chiqib berishsa bo‘ldi. Biz agrofirmalarni bozorlar bilan, byudjyet tashkilotlari bilan shartnoma qildiramiz.
Eksport masalasida ham prezidentimiz sa'y-harakatlari bilan juda ko‘p eshiklar ochildi. Qo‘shni Afg‘oniston, Qirg‘iziston tuxum olish bo‘yicha yetakchi qo‘shni davlatlar hisoblanadi. Bir kunda Xo‘jaobod-Do‘stlik hamda Madaniyat postlaridan o‘rtacha 7-8 ming odam o‘tyapti. O‘tayotgan odamlarning kamida 60 foizining qo‘lida yoki sabzavot yoki tuxumni ko‘rasiz. Prezidentimiz 40 kg.gacha yukni chegaradan bemalol olib o‘tib ketish imkoniyatini yaratib bergan. Ammo bu ko‘rsatkich endi 20 kg.ga tushadi. Buning sababi bor...
Chegaradagi olg‘irlar
Xalqqa qancha qulaylik yaratay desang ayrim tadbirkorlar buni shuncha suiiste'mol qiladi. Ayrim noinsof tadbirkorlar, katta-katta yuk mashinalarida 10-15 tonnalab yukni chegara yaqiniga olib borib, 15-20 nafar “nayomnik”larni ishlatib, butun mahsulotni chetga chiqarib yuborishyapti. Davlat rahbari bunday kazzoblar uchun chegarani ochmadi. Oddiy fuqaro uchun mana shunday sharoit qilib berdi. Shu sabab, mana, qaror ishlanyapti, chegaradan olib o‘tiladigan yuklar og‘irligi 20 kg.gacha pasaytiriladi.
Boshqa masalalar
Andijonda tadbirkorlikka intilayotgan fuqarolarimiz juda ko‘p. Ularga yer berish masalasi, sharoit qilish borasida ozgina qo‘lim kalta tomonlari bor. Sababi men istalgan joyni berib ketavermayman. Bunga imkoniyatimiz yo‘q. Paxta, g‘alla maydonlari bor, bog‘lar bor, shu sabab har bir qarichni hisob-kitob bilan qilmaydigan bo‘lsak, oxiri chiqmay qoladi, yaxshilik bo‘lmaydi. Andijonda ishchi o‘rinlari yaratishning yagona yo‘li, bir paytlar qurilgan va hozirda kimlardir tomonidan xususiylashtirib, foydalanilmay yotgan binolarni olib, u yerda tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etish va bu orqali qo‘shimcha ishchi o‘rinlarni yaratish zarur.
Andijonga baliqchilik bo‘yicha ham innovatsiya kirib keldi. Viloyat bo‘yicha 2018 yil boshigacha 3 600 tonna baliq ishlab chiqarar edik. Tadbirkorlarimiz Xitoydan, Vetnamdan Afrika laqqa balig‘ini bir gektar yerdan 300 tonnadan 500 tonnagacha olish texnologiyasini o‘rganib kelishdi. Vaholanki, bizning Ulug‘nor tumanidagi baliqchilik xo‘jaligining 4000 gektar yeri bor. Beradigan balig‘i 1200 tonnani tashkil etadi.
Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘z chiqishida viloyatni yanada rivojlantirish, turli to‘siqlarni bartaraf etgan holda tadbirkorlikni rivojlantirish, ta'lim, sog‘liqni saqlash, sport, ijtimoiy himoya kabi ko‘plab mavzularga to‘xtalib o‘tdi.