23:40 / 27.05.2018
11794

Mo‘min - baxil emas, nafaqa qiluvchi saxiy kishidir

Foto: kun.uz

Alloh taolo har bir bandasiga taqdiri ilohiy ato etgan. Xalq orasida “peshonada yozilgani bo‘ladi” iborasi ana shu hikmatdan kelib chiqqan. Mana shu taqdir hikmatiga muvofiq kimdir boy va yana kimdir kambag‘aldir. Boylik yaxshi holat, ammo uning o‘ziga xos mas'uliyati va majburiyati bor. O‘ziga to‘q kimsa, doim nafaqa qilishi, baxil bo‘lmasligi va saxovatli bo‘lishi lozim. Ana shunda u Alloh tomonidan o‘ziga berilgan mol-davlat ne'matining haqini ado etgan bo‘ladi. Xo‘sh, nafaqa kimlarga va qanday tartibda beriladi?

Alloh taolo o‘zining kalomi Qur'oni karimning Baqara surasi, 215-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. “Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va musofirlarga bo‘lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”, deb ayt”.

Ya'ni, Alloh qilinadigan barcha sadaqa va yaxshiliklar eng yaqin odamlardan: ota-ona, qarindosh-urug‘lardan boshlab, keyin yetimlarga va muhtoj odamlar hamda musofirlarga qilinishi kerakligini buyuryapti. Va Alloh bizga shuni eslatyaptiki, nimaiki yaxshi amal qilsak (kichik yoki katta), Alloh, albatta, bu narsani biladi va bunga mukofot muqarrardir (shu shart bilanki: agar qilingan amal faqat Allohning roziligi uchun bajarilgan va Payg‘ambarimiz (s.a.v) ko‘rsatgan sunnatlariga muvofiq bo‘lsa.

Alloh bizga o‘z sevgan narsalarimizdan Alloh yo‘lida sadaqa qilmagunimizcha oliy darajadagi mukofotga (ya'ni, jannatga) erisha olmasligimizni bildirib qo‘ygan. Kalomullohning Oli Imron surasi, 92-oyatida bu haqda shunday marhamat qilinadi: “O‘zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmassiz. Nimani nafaqa qilganingizni Alloh biluvchidir”. 

Ba'zi odamlar uchun namoz o‘qish, ro‘za tutish, haj qilish oson bo‘lishi mumkin, lekin ular o‘z mol-mulklarini juda sevib boshqalar bilan bo‘lishishni xohlamasliklari mumkin. Shunday odamlarga Alloh xitob qilib aytyaptiki, o‘zlari sevgan narsalardan ham Alloh yo‘lida sarf qilishlari kerak. Kimlargadir bu pul bo‘lishi mumkin va yana kimlargadur o‘zlariga aziz bo‘lgan vaqtlari, bog‘u rog‘lari, ulovlari va hokazo narsalaridir.

Yuqorida ta'kidlanganidek, baxillik mo‘min-musulmonlarga xos bo‘lmagan xislatdir. Alloh nazdida baxil kimsalarning darajasi qanday? Niso surasining 37 va 38-oyatlarida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Ular baxillik qiladigan, odamlarni baxillikka buyuradigan va Alloh ularga O‘z fazlidan bergan narsalarni berkitadiganlardir. Va kofirlarga xorlovchi azobni tayyorlaganmiz. Ular mollarini kishilar ko‘rishi uchun sarflarlar. Hamda Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirmaslar. Kimning yaqini shayton bo‘lsa, u qanday ham yomon yaqin!”

Ushbu oyatlarda Alloh taolo baxil odamlarning noshukr ekanliklarini namoyon qilyapti. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Baxillikdan (qizg‘anchiqlikdan)da jiddiyroq xastalik bormi?”, deganlar. Baxil odam nafaqat o‘zi, balki boshqa odamlarni ham baxillikka da'vat qiladi. Va Alloh bergan ne'matlariga noshukrlik qilib, ularni berkitishga harakat qiladi (ya'ni, yeb-ichishda, kiyinishda va boshqalarga yordam berishga kelganda, xuddi uning puli yo‘qdek o‘zini ko‘rsatadi va bor boyliklarini berkitadi). O‘z pullarini sarf qiladigan lekin uni Alloh roziligi uchun emas, balki odamlarning maqtashlari uchun (riyo qilib) sarf qiladigan odamlar haqida so‘zlayapti. Bunday odamlar o‘z mol-mulklarini jamiyatda saxiy va boy deb nom chiqarish uchun sarf qiladilar. Ular shaytonning hiyla va makriga uchragan va Allohning emas, balki shaytonning aytganini qilgan odamlardir.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Top