Toshkent viloyatida yangi aeroport majmuasi qurilmoqda
Toshkent viloyati Qibray tumanida «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasi zamonaviy aeroport majmuasini qurish» loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, ayni paytda Qibray tumanida joylashgan «Toshkent-Sharqiy» aerodromi Mudofaa vazirligi tasarrufidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga o‘tkazilgan. Kompaniya ayrim vazirliklar va idoralar bilan birgalikda «Toshkent-Sharqiy» aerodromining binolari, inshootlari va loyiha maydonini, shuningdek qurilish zonasiga kirmaydigan hududlarni aniqladi.
Aerodrom bazasida fuqarolik (xizmat) aviatsiyasining zamonaviy aeroport majmuasini qurish ishlari boshlandi.
Birinchi bosqichda, uchish-qo‘nish chizig‘i va sutkasiga 6 ming yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan terminal barpo etish rejalashtirilgan. Barcha qurilish ishlari 2018-2020 yillarda davom etishi nazarda tutilgan.
Ta'kidlanishicha, «Toshkent-Sharqiy» yangi quriladigan aviatsiya majmuasida oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va kuzatishni tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, yangi aeroport qurilishi uchun nafaqat aerodrom binolari, inshootlarining tegishli hududi hamda ularda o‘rnatilgan uskunalar va muhandislik kommunikatsiyalari, balki Mudofaa vazirligining 94 va 122-harbiy shaharchalari (Toshkent viloyati, Qibray tumani), shuningdek «Toshkent mexanika zavodi» AJning binolari hamda inshootlari tegishli hududi bilan ajratildi.
Aerodrom va harbiy shaharchalar hududida joylashgan, biroq qurilish zonasiga kirmaydigan obektlar Toshkent viloyati hokimligiga tekin berildi.
430 million dollarga baholangan yana boshqa «Toshkent-4» terminali qurilishi esa o‘tgan yili to‘xtatib qo‘yilgandi. Aytilishicha, qurilish aholi turar joylari va boshqa binolar buzilishini, Qorasuv kanali yoqasidagi hududdan aholini ko‘chirishni talab etadi, bu esa tuman aholisi tomonidan noroziliklarga sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid
16:28 / 01.11.2024
Zarafshon shahri aeroporti faoliyati tiklanishi mumkin
16:01 / 28.10.2024
Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda
07:37 / 26.10.2024
Toshkent aeroporti yaqinidagi yangi yo‘l o‘tkazgich ishga tushirildi
00:08 / 20.10.2024