O‘zbekiston | 19:29 / 28.05.2018
75119
6 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan'da moddiy rag‘bat «tanlanganlar»ga beriladimi?

Foto: auto-uzbekistan.com

O‘tgan asrning 90-yillarida jahon tajribasida kompaniya faoliyati va xodimlarining samaradorligini erkin baholash jarayoniga ilmiy yondashuvni tatbiq etish boshlandi. Ammo, GM Uzbekistan kompaniyasi va uning xodimlari bilan yuz berayotgan hodisa ilmiy yondashuvni ortda qoldirib, kompaniya ichida "guruhbozlik"ni keltirib chiqarishga xizmat qilmoqda. 

Gap shundaki, 2016 yildan buyon xodimlarning noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan "Faoliyatni individual baholash" tizimi aslida xodimlarning maoshiga qo‘shib berilishi uchun ajratilgan millionlab mablag‘larning befoyda tasarruf etilishi, xodimlar o‘rtasida adolatsizlikni keltirib chiqarishga olib kelmoqda.

GM Uzbekistan xodimlar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan amalga kiritilgan "Faoliyatni individual baholash" tizimi har bir xodimdan qilinishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha hisobot, mehnati bo‘yicha xarakteristika va kelgusida maqsad qilib qo‘yilgan yangi marralar haqida ma'lumot berishni talab etadi. To‘plangan bir uyum ma'lumotlarga ko‘ra, boshqarma xodimlarning maoshiga rag‘batlantiruvchi haq qo‘shib berishi nazarda tutilgan. Bir qarashda “Buning nimasi yomon, barchasi qayd qilib borilgani bilan faoliyat haqida shaffof axborot paydo bo‘ladi-ku”, deyishingiz mumkin. 

Shunga qaramay, "Faoliyatni individual baholash" tizimining paydo bo‘lish tarixiga nazar tashlaylik: u aynan Ikkinchi Jahon urushidan keyin kompaniyalar boshqaruviga yangilik olib kirgan Piter Ferdinand  Druker nazariyasiga asoslanadi. 

Drukerning yozishicha, faoliyatni baholash uchun yuqori turuvchi rahbariyat (direktorlar kengashi) roziligi bilan, tadqiqot obekti va maqsad belgilab olinishi lozim. Shuningdek, kompaniya faoliyatini optimizatsiya qilish, yangi modellarni tatbiq etish nazarda tutilishi shart. Faoliyatga axborot texnologiyalarini kiritish masalasi va xodimlarni malakaviy qayta tayyorlash omillariga e'tibor qaratish kerak. Biroq, Druker ham ushbu jarayonlar moddiy rag‘batlantirishni aniqlash uchun mezon vazifasini o‘tashi haqida bir og‘iz so‘z aytmagan. Eng achinarlisi, Piterning qarashlari tajribada o‘zini oqlamadi va AQSh kompaniyalaridagi 80 foiz ishchilar bundan noroziligini bildirdi. 

Soddaroq qilib aytganda, GM Uzbekistan amalda saqlab qolayotgan "Faoliyatni individual baholash" tizimi oldiga aniq maqsadni qo‘yib, tartibli va standartlarga muvofiq o‘tkazilishi nazarda tutilgan ilmiy qarash, maoshga ustama qo‘shib berish uchun mezon vazifasini o‘tovchi jarayon emas. Agar u moddiy rag‘bat uchun xizmat ko‘rsatmasa, bu tizimni "ushlab turish"dan kompaniya rahbariyatiga nima foyda?
Ma'lum bo‘lishicha, xodimlarga moddiy rag‘batni ajratish to‘g‘risidagi buyruqlar shaffof chiqarilmaydi (boshqa direksiya va manfaatli xodimlardan sir saqlangan holda) amalga oshiriladi.

2015 yil 31 dekabr kuni kompaniya bosh direktori tomonidan tasdiqlangan “Xodimlarni individual baholash nizomi”ning 6.7 bandida ko‘rsatilgan “individual baholashning natijalari” haqida hech kim o‘ylab ko‘rmaydi, tahlillar olib borilmaydi.Xodimlar 2-3 varaq qog‘ozni to‘ldirib bersa, ustama olishini biladi. Lekin bu baxt ham “tanlanganlar” uchun. Moddiy rag‘bat tayinlash tizimining shaffof emasligi sababli, ushbu tizimda barcha xodimlar teng imkoniyatga ega emas.

Agar natijalar sarhisob qilinmasa, faoliyat qanday baholanadi, degan savolni hech kim bermaydi. Bunday savolni berganlar ham bo‘lgan, lekin ular turli tazyiqlarga duchor bo‘lishgan (ishdan bo‘shatish, maoshdan “kesib” qolish).
O‘tgan ikki yil davomida xodimlarni rag‘batlantirish 20 foiz talab darajasida amalga oshirilgan bo‘lib, aslida bu son 540 foizdan oshiq bo‘lishi kutilgandi. Bundan tashqari yana bir oddiygina jihatga e'tibor qaratsak, 10 mingdan ortiq xodim ishlaydigan kompaniyada har hisobot davrining so‘ngida to‘ldiriladigan 2-3 varaq qog‘oz (blank) va chop etishdagi siyoh xarajatlari hisoblab chiqilganmikin, har holda yaxshigina chiqim bo‘lsa kerak.

GM Uzbekistan faoliyatini nazorat qiluvchi tashkilotlar ushbu masalani sinchiklab o‘rganib chiqishsa, moliyaviy boshboshdoqliklarning oldi olingan bo‘larmidi...Chunki barchamizga ma'lumki, xodimlar o‘rtasida adolatsizlik mehnat jamoasida noroziliklarni keltirib chiqaradi, bu esa ishning sifatiga hamda kompaniya kelajagiga bevosita ta'sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

PS: Maqola shunchaki O‘zbekistondagi yirik kompaniya rahbariyati tomonidan xodimlariga nisbatan ustama to‘lash tizimining adolatsizligi haqida. Jurnalist tasarrufida GM Uzbekistan faoliyatiga oid bundan ko‘p qiziqarli axborotlar mavjud va tez orada barchasini e'lon qilamiz.

Alisher Ro‘zioxunov

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid