19:14 / 28.05.2018
20639

Toshkentda IIBB xodimiga qarshi kuch ishlatishdi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 5 mart kuni «Oltin topgan» blokpostida YPX inspektori safdor U.Achilov tomonidan «Damas» rusumli avtomobil to‘xtatiladi, deb xabar bermoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.

Haydovchi, 24 yoshli X.S.ning transport vositasini boshqarish huquqni beruvchi hujjatlarga ega emasligi aniqlanadi. Shunda ichki ishlar xodimi qoidaga binoan mashina jarima maydonchasiga joylashtirilishini ma'lum qiladi. Bu esa S.ning otasi va avtomobildagilarga yoqmaydi. Ular YPX inspektorini turli gap so‘zlar bilan chalg‘ita boshlaydilar va fursatdan foydalangan haydovchi voqea joyidan qochib qoladi.

Safdor U.Achilov yordamga qo‘shimcha kuch chaqiradi. PPX serjanti Javohir Elmurodov hamda YPX inspektori safdor Ulug‘bek Matmurodov qoidabuzar mashinasi ortidan boradilar. Ular «Damas» avtomobilini Bektemir tumanining Tinchlik ko‘chasida quvib yetadilar va yo‘lini to‘sib to‘xtatadilar. Ichki ishlar xodimlari bayonnomani rasmiylashtirish uchun haydovchidan pasportini so‘rashadi.

Shu vaqtda qoidabuzarning otasi 1967 yilda tug‘ilgan X.H. va uning yaqinlari hamda qarindoshlari – Surxondaryo viloyatidan kelgan N.I., 1974 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan X.N., 1992 yilda tavallud topgan Toshkent shahrida yashovchi X.N. hamda Qashqadaryo viloyatidan bo‘lgan, 1995 yilda tug‘ilgan T.O. ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatib xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qiladilar. Ular huquq posbonlariga nisbatan zo‘ravonlik qilib, YPX nozirining qo‘lidagi bayonnomani yirtib tashlaydilar. Pogonlarini yulib olish uchun xodimlarga tashlanadilar.

Ushbu holat yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219 moddasi 2 qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top