Jamiyat | 21:18 / 28.05.2018
61294
5 daqiqa o‘qiladi

To‘xtab qolgan qurilish. Aholi uning davom etishini so‘ramoqda

Bugungi kunda poytaxtimizda o‘zgarishlar katta. Yutuqlar bilan birga, dolzarb muammolar ham yetarlicha. Masalan, Toshkent shahridagi qurilish loyihalaridan aholining noroziligi qariyb surunkali murojaatga aylangan bu mavzudagi muammolar yechimi hamon so‘roq ostida. Biroq bu gal muammoning aksini ko‘rib, ajablandik. Gap shundaki, qurilish ishlari nega to‘xtab qoldi, degan e'tiroz bilan bir guruh yurtdoshlarimiz KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilishdi. 

Foto: Toshkent shahar hokimligi  Axborot xizmati

KUN.UZ saytida joriy yilning 14 may kuni «Murad Buildings» qurilishni to‘xtatdi sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi. Unda Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 8-dahasida joylashgan 17, 18, 19 va 20-sonli ko‘p qavatli uylar orasida Murad Buildings kompaniyasi tomonidan ko‘p qavatli turar-joy qurilishidan norozi bo‘lgan aholi murojaati asosida qurilish ishlari to‘xtatilgani bayon etilgan edi. Kuni-kecha aynan ushbu uylarda istiqomat qiluvchi aholi murojaati yuzasidan ular bilan uchrashdik. Aholi qurilish ishlari to‘xtatilganidan norozi, shuningdek, qurilish ishlariga norozi bo‘lgan ayrim fuqarolar ko‘pchilik istak-xohishining yo‘qqa chiqishiga sababchi bo‘lmoqda. KUN.UZ fuqarolarni xolislik nuqtai nazaridan tingladi.

- Bu yer bir vaqtlar garaj bo‘lgan kezlari, bu yerda yashirincha itlar jangini uyushtirishardi. Shovqin-surondan quloqlar qomatga kelardi. Bekorchilar to‘planadigan joy edi, janjallar bo‘lar edi, - deydi aholi vakillaridan biri.

- 18 yildan buyon shu mahalladaman. Men tadbirkorlarning ko‘payishi tarafdoriman. Shu sabab obodonlashtirish ishlariga qarshimasman. Mahallamiz kundan kun obod bo‘lyapti, biroq hasharlarga chiqmay, mahalla hayotiga aralashmay ortimizdan g‘alamislik qilayotganlarga qarshiman, - deydi yana bir fuqaro. – To‘g‘risini aytganda, shu paytgacha mahallamizda bo‘lmagan ishlar bo‘lyapti. 

Mahalliy aholi vakillaridan yana biri quyidagicha fikr bildirdi: “Mana shu qurilish necha kun davom etgan bo‘lsa, bu yerda samosvallar, ekskavatorlar ishladi. Keyin kechayu kunduz beton qurilishi bo‘ldi. Bu qurilishlarda qancha bolalar ishladi, ular qashqadaryolik, surxondaryolik, navoiylik bolalar edi... Ular ota-onalari, farzandlarini tashlab kelgan, maoshga ishlagan ishchilar edi. Ularning rizqini qiyib, qurilishni to‘xtatish adolatdan bo‘lmasa kerak. 

Xo‘sh, unda qurilish ishlari nega to‘xtab qoldi?

- Bir vaqtlar bu yer qorong‘i, kishi yurishga qo‘rqadigan joylar edi. Mana hozir chiroqlar qo‘yilgan, yo‘laklar qurildi. Bu ishlar ayrim g‘alamislarga yoqmadi, - deydi o‘z fikrini bildirar ekan fuqarolardan biri. – Chunki ular bahaybat itlarini yetaklab, ichib, chekib ertadan kechgacha mana shu yerlarda izg‘ib yurishardi. Sal nariroqda spirtli ichimlik qo‘yib beradigan joylar bor. O‘sha yerlardan ichib kelib, janjal qilishardi. Bundan tashqari, mahallani rosa iflos qilishardi.

Mazkur mahallada istiqomat qiluvchilar qurilish ishlarini davom etishini istab Toshkent shahri hokimi nomiga ochiq xat yozadigan bo‘lishdi.

Darhaqiqat, tadbirkor Murod Nazarov qarovsiz joyga obodlik va go‘zallik baxshida etganligiga guvoh bo‘ldik. Kompaniya qurilajak turar-joy binosining atrofini did bilan loyihalashtirgan, loyihaga muvofiq ishlar boshlangan ham. Atrofdagi uylar oldida avtoturargoh hamda bolalar maydonchasi hamda aholi dam olish hududlari deyarli tayyor holga kelgan ekan. Biroq bugun tadbirkorning bu yerdagi faoliyati to‘xtatilgan. Ish sudda ko‘rib chiqilmoqda. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, nazarimizda tadbirkor loyihasi adolatli ko‘rib chiqilmagan holda xulosa qilingan. Bir so‘z bilan aytganda aholi va tadbirkor o‘rtasida murosa yo‘lining topilishi hamda amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi nazorat qilinsagina bu muammolar o‘z yechimini topishi mumkin.

Mavzuga oid