Jahon | 01:44 / 29.05.2018
16060
2 daqiqa o‘qiladi

Ingushiston muftiyligi Yunusbek Yevkurovni musulmon jamoatidan chetlatdi

Ingushiston musulmonlari diniy markazi kecha respublika rahbari Yunusbek Yevkurovni musulmon jamoatidan chetlatish haqida qaror chiqargan. «Paydo bo‘lgan vaziyat baholanib, toki u diniy markazga nisbatan diskriminatsiyasini tugatmas, Magas shahrida masjid qurilishi uchun ajratilgan mablag‘lar haqida hisobot bermas ekan, Yunusbek Yevkurovni respublika musulmonchilik jamoatidan chetlatish haqida taklif ilgari surildi»,— deyiladi MDMning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida joylashgan sahifasidagi xabarda. MDMdagilarning bildirishcha, mazkur chetlatish Yunusbek Yevkurovning to‘y va ma'rakalari va boshqa tadbirlarida ishtirok etmaslikni bildiradi.

MDMning bayonotiga ko‘ra, Yevkurov muftiylikni tugatish va uning faoliyatini to‘xtatish uchun ma'muriy resurslardan noqonuniy foydalangan, diniy-ma'naviy tarbiya bilan shug‘ullanib kelgan «Angusht» radiostansiyasini yopgan. «So‘nggi uch yilda muftiylik xodimlari va imomlar mahalliy hokimiyat tomonidan siquvga olingan, — deyiladi bayonotda.— Muftiylikni diskriminatsiyaga duchor qilishning so‘nggi fakti shu yilning 25 mayida bo‘lib o‘tgan sud majlisi va unda sud tomonidan Magas shahrida qurilishi mo‘ljallangan masjid uchun ajratilgan yerning tortib olinishi haqida qaror chiqarilishidir».

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Yunusbek Yevkurov mahalliy masjidlarda imomlarning ma'vizalarini nazorat ostiga olish borasida buyruq bergan edi. Janob Yevkurov «dinni targ‘ib qilishni siyosiylashtirmalik» maqsadida bu ishga qo‘l urganini aytadi. Ingushiston muftiyligi esa respublika hokimiyati shu yo‘l bilan o‘zini tanqidlardan ixotalab kelayotganini aytib, mansabdorlarga sha'riyat sudi bilan tahdid qilgan.