Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda istiqbolli kadrlarini tanlab olish uchun «Taraqqiyot» respublika tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qaror matniga ko‘ra, istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta'minlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining 3 yilda bir marta istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanmoqda.
Belgilab qo‘yilmoqdaki:
- tanlovda tayanch oliy ma'lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin;
- Respublika komissiyasi tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga vazirlik va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, shuningdek, yetakchi olim va mutaxassislarni, jumladan, xorijiy olim va mutaxassislarni jalb etish huquqiga ega;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;
- tanlovning xolisona va shaffof o‘tkazilishi, shuningdek, nomzodlarning sifatli va xolisona tanlab olinishi, qo‘yiladigan talablarga ularning muvofiqligi uchun javobgarlik Respublika komissiyasi zimmasiga yuklanadi.
Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa – eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Bunda tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi;
Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy yuqori malakali mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydilar;
Tanlov g‘oliblari «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarni o‘tagandan keyin tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi;
Tanlov g‘oliblarini tegishli rahbarlik lavozimlariga tayinlash yuzasidan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritilgan final bosqichi ishtirokchilarining faoliyatini keyinchalik ularni xizmat bo‘yicha ko‘tarish yoki rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun monitoring qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
- talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ishtirokchilarning so‘rovnomalarini ko‘rib chiqish, test va boshqa tanlov sinovlarini o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalarini taqdim etish imkoniyatlariga ega bo‘lgan tanlovning maxsus veb-portalini yaratishni;
- axborot tizimlari, resurslari, ma'lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, shuningdek, Respublika komissiyasi ishchi organini tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur apparat-dasturiy komplekslar bilan jihozlashni ta'minlaydi.