Jamiyat | 23:29 / 31.05.2018
23362
4 daqiqa o‘qiladi

«Mening fikrim»​da eng ko‘p ovoz to‘plagan 5ta murojaat: daraxtlardan to nosvoygacha

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasiga asosan har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Shunga ko‘ra, yangi tashkil etilgan «Mening fikrim» portaliga birin-ketin jamoaviy murojaatlar paydo bo‘la boshladi. Kun.uz mazkur murojaatlar orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan beshtasini taqdim etadi. 

Shahar va qishloq joylardagi daraxtlarni asrab avaylash tizimida islohotlarni amalga oshirish taklifi 31 may kuni qayd etilgan holatga ko‘ra 9197ta ovoz to‘plagan va ommabop jamoaviy murojaatlar reytingida peshqadam bo‘lib turibdi. Ushbu murojaat muallifi jurnalist Nikita Makarenko taklif etilayotgan loyiha bilan atrof-muhitga e'tiborli bo‘lish, shuningdek, ruxsatsiz daraxtlarni kesib ketilishiga qarshi kurashga chorlamoqda.

6257ta ovoz to‘plagan Ravshan Namozovning yo‘llardagi oddiy svetoforlarni kamayib boruvchi soniyalarni ko‘rsatib turuvchi svetoforlarga almashtirish taklifi reytingda ikkinchi o‘rinda qayd etilgan.

Uchinchi o‘rinda ko‘rsatilgan murojaat matni shunday boshlanadi:

«Umumiy o‘rta ta'lim maktablarida o‘quv yili boshidan to oxiriga qadar har chorakda o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishlarida mablag‘ yig‘ish masalasi muhokama qilinadi. Bu odatiy holga aylanib qolgan. Ushbu salbiy illatga bugun barham berilmasa, kelajakda bolalarimiz maktablarda o‘qish o‘rniga, aytilgan mablag‘ni yetkaza olmaganligi uchun o‘qituvchi va sinfdoshlari oldida izza bo‘lishi, bu esa ularning ruhiy holati va o‘qishiga bo‘lgan qiziqishining susayishiga olib kelishi mumkin».

Shundan qilib, Jamshid Xoliqov umumta'lim maktablarda o‘quvchi va ularning ota-onalaridan noqonuniy pul yig‘ish holatlariga barham berishni so‘ramoqda.

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan eng ommabop murojaatlar orasida to‘rtinchi bo‘lib turgan taklif muallifi temir yo‘l vokzallariga kirib-chiqish jarayonlarini soddalashtirish va erkinlashtirishni so‘ragan.

Beshinchi o‘rinda qayd etilgan eng ommabop jamoaviy murojaat esa O‘zbekiston hududida nosvoyni tayyorlash va sotishni taqiqlash taklifini ilgari surmoqda.

Shunday qilib, portalda eng ko‘p e'tibor qaratilgan soha savdo va uy-joy xo‘jaligi, xususan qurilish, tadbirkorlik va sanoat bo‘lib turibdi. Undan so‘ng, murojaatchilar madaniyat va sport sohasiga e'tibor qaratgan.

Ayni paytda portal orqali ikkita murojaat - transport vositalari oynasini qoraytirishga ruxsat berish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini «O‘zbekiston Qahramoni» mukofoti bilan taqdirlash haqidagi jamoaviy murojaatlar ko‘rib chiqish jarayoniga yo‘naltirilgan.

Mavzuga oid