O‘zbekiston | 23:02 / 01.06.2018
181617
3 daqiqa o‘qiladi

Parpiyevning birinchi o‘rinbosari hibsga olingan

O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Abdusalom Yo‘ldoshev 28 may kuni qo‘lga olingan va Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan biri orqali Toshkentga keltirilgan.

Bu boradagi ma'lumotlarni Kun.uz’ning manbasi tasdiqladi.

Ayni paytda 51 yoshli Abdusalom Yo‘ldoshev Davlat xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ushlab turilibdi.

Joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ish boshlagan A.Yo‘ldoshev aynan qaysi jinoiy ish doirasida qo‘lga olinganiga Kun.uz manbasi aniqlik kirita olmadi.

A.Yo‘ldoshev o‘z mehnat faoliyatining turli yillarida Andijon viloyati va Toshkent shahrida davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. 2012 yilning fevralidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

A.Yo‘ldoshev qo‘lga olinganidan bir kun o‘tib, 29 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida Davlat soliq qo‘mitasi sobiq rahbari, 11 may kuni lavozimidan ozod qilingan Botir Parpiyev va u yetakchilik qilgan tizimdagi ahvol haqida gapirgan edi.

Prezident Sh.Mirziyoyev videoselektor majlisida Botir Parpiyev to‘g‘risida bunday degan:

«Yana bir muhim masala — mahalliy byudjyetga tushum hajmi. Davlat soliq qo‘mitasi rahbarini (Botir Parpiyevni — tah.) almashtirganim bejiz emas, sababi — bizda soliq tizimi yo‘q. Hali ish ko‘p».

«Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz», — degan prezident videoselektor majlisida.

«Soliqchining saviyasi yo‘q, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Shuning uchun bugun topshiriq berdim, tegishli qaror tayyorlanadi, hammasini noldan boshlash kerak — soliq tizimidagi Akademiyani ham, boshqasini ham. Quyi pog‘onadagi soliqchilar nima qilish kerak, qanday ishlash kerakligini bilmaydi. 70 foizi korrupsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak», — degan Shavkat Mirziyoyev.

2004 yildan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan 72 yashar general Botir Parpiyev joriy yilning 11 mayida prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan o‘z vazifasidan bo‘shatilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.

Mavzuga oid