23:26 / 07.06.2018
4838

WhatsApp asoschilari Facebook’ning 1,3 mlrd dollarlik aksiyalaridan mahrum bo‘lishdi 

WhatsApp asoschilari Yan Kum va Brayan Ekton Facebook’ni tark etganlaridan keyin kompaniyaning 1,3 mlrd dollarlik aksiyalari paketini qo‘ldan chiqarishdi. Bundan The Wall Street Journal nashri jurnalistlari xabar topishgan.

Kompaniyani 2018 yil may oyida va 2017 yil sentabrda tark etgan Kum va Ekton 1,3 mlrd dollar miqdoridagi mukofot pulidan ayrilishgan. Kum kompaniyaning 400 mln dollarlik, Ekton esa 900 mln dollarlik aksiyalarini olishlari mumkin edi. Shartnomaga ko‘ra agar mutaxassislar kompaniyada 2018 yil noyabrigacha ishlab berganlarida ushbu aksiyalarni olishardi.

Ma'lum qilinishicha,  Kum va Ekton Tsukerberg kompaniyasini rahbariyat bilan kelishmovchilik sababli tark etishgan. Bunga esa ular WhatsApp ishlay boshlagandan beri messenjerda reklama bo‘lmasligi g‘oyasini bildirishgani sabab bo‘lgan. Reklamaviy integratsiyalar hisobiga ishlovchi ijtimoiy tarmoq bunga rozi bo‘lmagan.

“Feysbuk”dagi manbalarning ma'lum qilishicha, Kum va Ekton kompaniyadagi tartibdan norozi bo‘lgan. Misol uchun, shovqin, kichik ishchi stollar va noqulay  kursilar ularning asabiga tekkan. 

WhatsApp 2014 yil oktabrda “Feysbuk” nazoratiga o‘tgan. Facebook messenjer uchun 16 mlrd dollar to‘lagan.

Mavzuga oid
Top