O‘zbekiston | 21:06 / 08.06.2018
3108
5 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi va USAID 12 mln dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

8 iyun kuni O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlashga ko‘maklashish borasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda AQShning USAID xalqaro rivojlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu Memorandumning imzolanishi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida O‘zbekiston rahbarining AQShga rasmiy tashrifi doirasida Adliya vaziri Vashington shahrida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

«Bo‘lib o‘tgan tadbir sud-huquq sohasida ikki davlat o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish borasida yangi imkoniyatlarni ochib berish uchun mustahkam zamin yaratishga imkon beradi.

Memorandum yangi o‘zaro manfaatli dastur va loyihalarni ishlab chiqishga turtki bo‘lib, sud-huquq sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasini qo‘llab-quvvatlashga asos bo‘lib xizmat qiladi», deyiladi Adliya vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Ushbu hujjatning maqsadi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ikkinchi «Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish» yo‘nalishini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasini qo‘llab-quvvatlashdir. Xususan, ushbu Memorandum doirasida 3 yil davomida 12 mln AQSh dollarigacha bo‘lgan mablag‘lar yangi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik kadrlarni kasbiy mahoratinini oshirish, shuningdek, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarining rivojlanishiga qulay huquqiy zamin yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish mo‘ljallangan.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan shu kabi xalqaro tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb etgan holda adliya organlari va muassasalari faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator loyihalarni amalga oshirishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Yevropa Ittifoqi, BMTning rivojlantirish dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyihasi (GIZ), Germaniya xalqaro-huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ), O‘zbekistonda huquq sohasida islohotlar bo‘yicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Turkiya hamkorlik va rivojlantirish agentligi, shuningdek, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi kabi bir qator xalqaro tashkilotlar bilan kelishuvlarga erishildi.

Kelishuvlar doirasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, yuridik kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirish, huquqiy xizmat ko‘rsatishni, xususan, advokaturani rivojlantirish, notariat va FHDYo organlari tizimini isloh qilish, shuningdek, norma ijodkorligi jarayoniga xorijiy ekspertlarni jalb etishga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ushbu hamkorlik orqali o‘tgan yili 60dan ortiq xorijiy xizmat safarlari tashkil etildi, ularda adliya tizimining 100dan ortiq xodimlari huquq sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha stajirovka o‘tab kelishdi, chet ellik ekspertlar ishtirokidagi 50dan ortiq xalqaro konferensiya va ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, jami 100 mln AQSh dollariga yaqin bo‘lgan loyihalar amalga oshirilishi boshlandi. Xususan, BMTning rivojlantirish dasturi va TIKA tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi tizimini takomillashitirish uchun pul mablag‘lari ajratildi, shuningdek, BMTning rivojlantirish dasturi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks tadbirlar loyihasi moliyalashtirilmoqda. Buyuk Britaniya elchixonasi bilan hamkorlikda Yagona axborot portalini ishga tushirishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi tomonidan xorijiy mamlakatlarning davlat organlari bilan huquq sohasida tajriba, huquqiy axborot va tegishli adabiyotlar bilan almashishni nazarda tutuvchi hamkorlik kelishuvlarini imzolash yo‘li bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda shu kabi kelishuvlar Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni bilan imzolangan bo‘lib, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, BAA, Hindiston, AQSh, Kanada, Isroil, Vetnam, Eron, Kuvayt, Pokiston va boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

«AQShning USAID xalqaro rivojlantirish agentligi bilan imzolangan Memorandum ham qonun ustuvorligi borasida O‘zbekiston – AQSh hamkorligining yangi bosqichi bo‘lib xizmat qiladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid