Xitoyning Tsingdao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorligi tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun borgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Afg‘oniston rahbarlari bilan uchrashdi.

Rossiya
Shavkat Mirziyoyev Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan suhbati boshida uni Rossiya prezidentligiga qayta saylangani bilan yana bir bor tabriklab, Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas yo‘nalishi ekanini ta'kidladi.

«Bir yilda o‘zaro 70ta delegatsiya tashrifi amalga oshirilgani, 21 marta hududlararo uchrashuvlar o‘tkazilgani aloqalarning bugungi sur'ati va miqyosidan dalolat beradi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod o‘sgan. Hali oldinda yana yirik loyihalarimiz ko‘p», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Rossiya prezidenti davlat rahbari bilan uchrashuvdan mamnunligini ta'kidlab, mamlakatlar hamkorligida ko‘plab samarali loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi: «O‘tgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin hammasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan o‘tishda «yashil yo‘lak» tashkil etilgani natijasida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini yetkazib berish qariyb 36 foizga oshdi. Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda», dedi Vladimir Putin.
Xitoy
Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin bilan uchrashdi. Si Tszinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta'kidladi.
O‘zbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha muhim sohalarni qamrab olgan va izchil rivojlanib bormoqda. 2017 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.

Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokida 700dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. O‘zaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.




















