Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada xalq dardini kimdur eshitadimi? Dehqonning yeri tortib olinmoqda
Tahririyatimizga joylardan doimiy ravishda murojaatlar kelib tushadi. Ularning aksariyati haqli murojaat. Shunday murojaatlardan biri Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi, dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolardan jo‘natilgan. Murojaatda “Farg‘onada xalq dardini kimdur eshitadimi? Hokim oxirini o‘ylamay qaror chiqaradi. Prokuror bilganini qiladi. Surishtirmay protest kiritadi. Dehqon puliga kuyib qoladi. Bizning arzimizni tinglovchi bormi o‘zi?” deyilgan. Murojaatni batafsil o‘rganish uchun Farg‘ona viloyatiga bordik.
Murojaatni muammoga uchragan dehqonlarning jamoatchi himoyachisi Yo‘lchiboy Ismoilov bilan suhbatlashishdan boshladik. 2017 yil 26 iyul kuni Uchko‘prik tuman hokimi M.Dehqonovning 1008 sonli qarori bilan fuqaro D.Yusupovga Mashad m.f.y. Mashad qishlog‘i 561q-konturda joylashgan yerning 0,35 gektar qismi dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun ajratilgan.

Aslida bu yer bir vaqtlar 1 gektarga yaqin maydonni egallagan. “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi Farg‘ona filiali uchun 59 sonli qaror bilan namunali uy-joy qurish uchun ajratilgan. 2011 yilda kompaniya bu hududda 11 ta uy-joy qurishni rejalashtirgan. Bor yo‘g‘i 3 ta uy-joy qurgach faoliyatini to‘xtatgan. Shundan so‘ng yer tashlandiq holda 2017 yilgacha yotgan.
Biroq D.Yusupovga berilgan yer masalasida tuman prokurori F.N.Aliyev 1008 sonli hokim qarorini bekor qilish bo‘yicha protest bildiradi. D.Yusupovning nomida 0,10 gektar yer maydonidan iborat yashab turgan hovli-joyi mavjudligi va dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan yer maydoni qonun talablariga rioya qilinmaganligi asos sifatida ko‘rsatiladi.
Shunday qilib hokim 2017 yil 17 noyabr kuni 1511 sonli qarori bilan protestni qanoatlantirgan. Qarorning 3 qismida yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i A.Nishonovga yerni tuman yer zaxirasiga olish haqida ko‘rsatma beradi. Oqibatda D.Yusupov yerdan ajraydi.
Oradan vaqt o‘tib fuqarolar D.Yusupov, X.Mexmonov, B.Usuvaliyev va E.Po‘latovlar dehqon xo‘jaligi tashkil etish maqsadida shu konturdagi maydonni so‘rab hokimiyatga murojaat qilishadi. 2018 yil 28 mart kuni 538 sonli qaror bilan ularga 0,20 gektardan (jami 0,80 gektar) yer maydoni ajratib beriladi. Yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va guvohnoma beriladi.

Qozog‘istonda ishlash joniga tekkan yuqorida nomi keltirilgan fuqarolar o‘z yurtida dehqonchilik faoliyati yuritishni rejalashtiradi. Yerni parvarishlab ekin ekishni boshlaydi. Qarovsiz va axlatga to‘lib yotgan yer obod ekinzorga aylantiriladi.
Lekin tuman prokurori chiqarilgan 538 sonli qarorga yana protest bildiradi. Bu safar asos qilib quyidagilarni keltiradi:
1) Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunning 5 moddasi talablari buzilgan Ajratilgan yer tuman zaxirasida emas;
2) U yerda zovurlar va ichimlik suvi minorasi bo‘lganligi sababli muhofaza hududdan qolgan jami yer maydoni 0,71 gektar (0,80gektar emas). Mavjud obektlarni muhofaza hududi hisobga olinmagan. Noto‘g‘ri taqsimlangan;
3) Hududda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda;
4) Dehqon xo‘jaligi tashkil etish hamda boshqa yer ajratilishi bilan bog‘liq ba'zi harakatlar fuqaro Z.Esonov tomonidan amalga oshirilgan (yer egalari bilan yaqin qarindoshlik aloqasi bo‘lmasa ham);
5) Fuqaro X.Mehmonov 28.03.2018 yilda Qozog‘iston Respublikasida ishlayotgan vaqtda unga yer ajratilgan;
6) B.Usuvaliyev dehqon xo‘jaligiga yer ajratib berilishida hujjatlarni rasmiylashtirish harakatlarini amalga oshirishi uchun Z.Esonovga 1 million so‘m bergan. Bu o‘z navbatida dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan yer haqiqiy egasiga berilmayotgani va yer ajratilishida tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotganligidan dalolat beradi.
Shundan so‘ng hokim M.Dehqonov yana protestni qanoatlantirmoqda. Yerni PQ-2639 sonli 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi ijrosini ta'minlash uchun olib qo‘ymoqda.
Bu voqealardan so‘ng bizda savollar paydo bo‘ldi. Nega xokim birinchi marta protestni qanoatlantirganidan so‘ng yerni tuman zaxirasiga olmagan? Yer berilayotgan vaqtda nega hujjatlar to‘liq o‘rganilmagan? Nima uchun prokuror protestidan so‘ng yer yana namunali uy-joy qurish uchun yo‘naltirilmoqda? Hujjatlarni qayta rasmiylashtirib dehqonlarning nomiga o‘tkazilsa bo‘lar ediku.
Prokuror protestining ham ba'zi qismlariga e'tirozlarimiz mavjud. Shuncha yil qarovsiz yotgan yerda nega dabdurustdan qurilish olib borilmoqda deb xulosa berildi. Nega joyiga borib tekshirilmadi? Yoki bu yer biror bir “kattakon”ga kerakmi? Nahot prokuror fuqarolar hujjatlarni rasmiylashtirishda ishonchnoma asosida boshqa shaxsning yordamidan foydalanishi mumkinligini bilmasa? B.Usuvaliyev dehqon xo‘jaligiga yer ajratib berilishida hujjatlarni rasmiylashtirish harakatlarini amalga oshirishi uchun Z.Esonovga 1 million so‘m bergan degan vaji surishtiruvda tasdig‘ini topmadi. Nega oddiy dehqon faoliyatiga to‘sqinlik shu darajada qattiq olib borilmoqda?
Shu savollarga javob olish maqsadida mazkur davlat tashkilotlariga tashrif buyurdik. Majlisni bahona qilib tuman hokimi M.Dehqonov tushuntirish bermasdan qochib ketdi. (Yaxshiyam hokimlarning majlis bahonasi tayyor. Xoh choyxonada bo‘lsin, xoh boshqa joyda.) “Yer ajratish komissiyasiga boring”, deb ketdi. “Qo‘lni siz qo‘ygansiz-ku, janob xokim” deydigan odamning o‘zi yo‘q. Komissiya rahbarini topa olmadik. Tashkilot yuristini ham topishning imkoni bo‘lmadi.

Protest masalasidagi e'tirozlarimizga tushuntirish olish uchun tuman prokuraturasiga bordik. Tashkilot yopiq. Prokuror boshqa ishga o‘tib ketgan. Vaqtincha vazifasini bajaruvchi shaxs “Meni yo‘q deb aytvoringlar”, dedimi u ham yo‘q. Yoki uning ham majlisi bor bo‘lsa kerak. Hatto ichkariga kirgizishmadi ham. Ostonadan qaytarishdi. Hamma mehmondo‘st deydigan Farg‘onaning obro‘si ular tomonidan tushirilishda davom etmoqda. Xullas u yerdan ham biror tushuntirish ololmadik.
Joriy yilning 12 iyun kuni Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani hokimligida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi vaqtida viloyat qattiq tanqid qilingani esingizda bo‘lsa kerak. Majlisda prezident tomonidan Farg‘ona viloyati boshqa viloyatlarga nisbatan ancha orqada qolganligi, vaziyat tubdan o‘zgarishi kerakligi va rahbarlar yangicha fikrlashi zarurligi tushuntirilgan edi. Xalq dardi hammasidan ustun bo‘lgan bir paytda Uchko‘prik tumanida bo‘layotgan bunday tushunarsiz holatlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan albatta bartaraf etilishi lozim. Davlat tashkilotlari xalqqa xizmat qilishi kerak. Tadbirkorlar davlat himoyasida ekanligini unutmasligi darkor.
Zafarbek Solijonov
Mavzuga oid
09:50 / 12.06.2026
Ichki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
11:00 / 09.06.2026
Farg‘onada Soliq Mobile orqali 3,2 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilindi
15:10 / 20.05.2026
Qo‘qonda 19 yoshli qiz qotillikka qo‘l urdi
08:45 / 15.05.2026