Jahon | 23:09 / 21.06.2018
25525
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya Jizzax viloyatidagi noyob radioteleskopni qurib bitkazishga kelishib oldi 

Foto : FIAN

O‘zbekiston va Rossiya Jizzax viloyati hududida joylashgan, koinotni o‘rganish uchun mo‘ljallangan“Suffa” radioteleskopini qurib bitkazishni rejalashtirmoqda. Yaqin orada ushbu loyihaning yo‘l xaritasini tayyorlash kerak bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti Aleksandr Sergeyev jurnalistlarga ma'lum qildi.  

Rossiya Fanlar akademiyasi va Rossiya fan va oliy ta'lim vazirligi vakillaridan tashkil topgan delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida koinotdan to‘lqin uzunligi millimetr diapazondagi signallarni qabul qilishga mo‘ljallangan radioteleskopni qurish masalasi ko‘tarilgan. Sergeyevning ma'lum qilishicha, 70 metrli radioteleskopning qurilishi 1985 yilda Suffa platosida boshlangan, biroq 1991 yilda to‘xtatib qo‘yilgan. 2005 yilda obektning holati ekspertizadan o‘tkazilgan. 

Sergeyevning ta'kidlashicha, ayni vaqtda dunyoda “Suffa” radioteleskopining ishchi ko‘rsatkichlariga yaqin bo‘lgan ko‘rsatkichlarga ega bir nechtagina radioteleskop mavjud. Biroq “Suffa”ning bir qator ustunliklari mavjud bo‘lib, bu uni noyob radioteleskopga aylantiradi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya olimlari Maydonoq observatoriyasi hududida millimetr diapazonidagi yana bitta teleskop qurish imkoniyatini muhokama qilishmoqda.   

Rossiya vakilining aytishicha, radioteleskopni 2024 yilgacha qurib bitkazish mumkin. Bunda Rossiya tomoni loyihaning instrumental qismiga, O‘zbekiston tomoni esa tegishli infratuzilmani yaratishga javob beradi. Loyihaning hozirgi kundagi qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda. 

Rossiya tomonidan loyihada Fanlar akademiyasining Lebedev nomidagi Fizika instituti, Rossiyaning barcha yetakchi astronomik tashkilotlari, jumladan, Pulkovo va Qrim observatoriyalari hamda loyiha institutlari ishtirok etadi. O‘zbekistonlik olimlar esa “Suffa”ning ilmiy dasturini shakllantirishda ishtirok etishadi.

Sergeyevning ta'kidlashicha, “Suffa” loyihasi “Rossiya-O‘zbekiston aloqalarining tiklanishi ramzi”ga aylanishi kerak.

Mavzuga oid