O‘zbekiston | 12:30 / 22.06.2018
6716
3 daqiqa o‘qiladi

Aripov o‘qituvchilar maoshi haqida: Kelajakda albatta oshiriladi

Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida, 20 iyun kuni Xalq ta'limi vaziri etib tayinlangan Sherzod Shermatov boshchiligidagi yangi rahbariyat ishtirokida xalq ta'limi tizimi muammolariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Bosh vazir xalq ta'limida sifat tushib ketgani sabablari haqida gapirgan.

«Xalq ta'limi vazirligi tizimiga yuqori malakali vatanparvar mutaxassis va rahbarlarni jalb etishimiz kerak. Buning uchun tegishli moliyaviy resurslar ajratish hamda yordam ko‘rsatish bo‘yicha prezidentimizning alohida qarorlari ham tayyorlanishi topshiriq qilindi. 

Afsuski, oyliklar ko‘tarilmagani, munosib sharoitlar bilan ta'minlanmagani natijasida ko‘plab yaxshi pedagoglar ta'lim tizimidan chiqib ketib, boshqa sohalarda mehnat qilishga majbur bo‘lmoqda. O‘qituvchi kasbining obro‘si tushib ketgani tufayli hozir maktablarda deyarli erkak o‘qituvchilar qolmagan.

Bu bir kunda o‘zgaradigan ish emas. Qaniydi bir kunda o‘zgarsa, birinchi navbatda shu ish qilingan bo‘lardi. Bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Iqtisodiyotimizni sal ko‘tarib olaylik, kelajakda, albatta, o‘qituvchilarning maoshi yetarli miqdorda oshiriladi. 

Ta'lim sohasini moliyalashtirish masalasi Ta'lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari kompleksi rahbari Aziz Abduhakimovga topshiriladi. Mablag‘lardan maqsadsiz foydalanishga barham berilishi kerak», — deya Abdulla Aripovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz manbasi.

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni prezident Andijon viloyatiga safari davomida Ulug‘nor tumani hokimligida o‘tkazilgan videoselektorda «o‘ziga qolsa, o‘qituvchining maoshini 10 barobar oshirgan bo‘lishi, ammo hozircha bunga moliyaviy holat yo‘l bermayotgani» haqida gapirgandi.

2018 yil 5 apreldagi «Respublika oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3655-son qaroriga ko‘ra, Oliy ta'lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilari maoshi o‘rtacha 25 foizga oshirilishi ma'lum qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid