2018 yil iyun oyida birinchi marta joriy yilning so‘nggi davrida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari umumiy darajasida pasayish kuzatilgan bo‘lib, iste'mol sektoridagi deflyatsiya darajasi oy davomida 0,4%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,6%ga pasaygan bo‘lsa, xizmatlar esa aksincha, 0,3%ga qimmatlashgan.

Asosiy guruhlar bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar narxining qimmatlashishi umumiy iste'mol narxlari indeksi (keyingi o‘rinlarda INI)ga 0,4 foiz darajasida (f.d.) ta'sir etib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi esa INIning 0,8 f.d.da kamayishiga olib keldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,8%ga arzonlashganligi, umumiy INIning 0,8 f.d.da pasayishiga zamin yaratdi.

Meva va sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi, jumladan, tuxum, shakar, yog‘ va moy mahsulotlarining arzonlashgani umumiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatib, umumiy INIning 1,5 f.d.da pasayishiga olib keldi. Shular bilan bir qatorda go‘sht, non, alkogol va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi umumiy INIning ko‘tarilishiga yordamlashdi (0,7 f.d.da ta'sir etdi).

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari guruhi tarkibiga kiruvchi tovarlar narxlari orasida qimmatlashish borasidagi yetakchilik yorma va dukkaklilarga (o‘sish 15,3%), pasayish bo‘yicha esa kartoshka hamda sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi (pasayish mos ravishda 38,9% va 29,1%).