Jahon | 21:26 / 30.06.2018
57993
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti oti Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi 

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga tegishli axaltekin zotidagi ot orqa oyoqlarining o‘zida 10 metrni 4,19 soniyada bosib o‘ta oldi. Ushbu natija Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda “Turkmaniston bugun” axborot agentligi ma'lum qilgan.   

Foto: tdh.gov.tm

Rekord natija Turkmaniston davlat sirki arenasida Ginnes rekordlar kitobining hakami va rasmiy vakili ko‘z o‘ngida o‘rnatilgan.

Foto: hronikatm.com

Oqxon laqabli ot ikki yil avval o‘zi o‘rnatgan rekordni yangilagan. Otning rekord natijasi Berdimuhamedovning tug‘ilgan kuni – 29 iyunda o‘rnatilgan.

Ta'kidlanishicha, otni Berdimuhamedovning shaxsan o‘zi mashq qildiradi. 

Oxirgi oyda Turkmaniston nomi ikkinchi bor Ginnes rekordlar kitobiga kiritilmoqda. Iyun boshida ushbu davlatda velosport bo‘yicha eng ommaviy dars qayd qilingandi. Unda 3246 kishi ishtirok etgan.

Umuman olganda Ginnes rekordlar kitobiga Turkmaniston bilan bog‘liq bir nechta natijalar kiritilgan. Ular orasida Olimpiya stadionida o‘rnatilgan ot boshining ulkan haykali, Olimpiya shaharchasidagi suv sporti markazi, eng katta o‘tov, eng katta yulduzga ega telemarkaz, dunyodagi eng katta yopiq tomosha g‘ildiragi va boshqalar bor.

Mavzuga oid