Profilaktika inspektori uchun yangi uy... maktab hududida qurilishi kerakmi?
Shu kunlarda Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi mahallalarda uyma-uy yurib, ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganmoqda, aholini yillar davomida qiynab kelayotgan og‘riqli muammolarni aniqlab, imkon qadar joyida hal qilishga harakat qilayapti.
Jumladan, mazkur tumanning «Ko‘prikboshi» mahallasi hududidagi 18-maktab faoliyati e'tiborimizni tortdi. 1987 yilda qurilgan maktab 700 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 841 nafar bola ikki smenada tahsil olmoqda. Biroq 2008 yili bir marotaba joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan, xolos.
O‘rganishlar chog‘ida maktab tashqi devorlari ta'mirtalab holatga kelib qolgani, bir qismi temir panjara bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, bir qismi g‘isht va paxsa bilan ko‘tarilgani, 100 metrdan ortiq joy esa nurab tushgani yoki devorlari umuman mavjud emasligi aniqlandi. Natijada, hududga orqa tomondan istalgan kishi, chorva jonivorlari bemalol kirib-chiqaveradi.
Maktabga yondosh xonadondagi «tadbirkorlar» esa ta'lim dargohi devoriga taqab tovuq kataklarini, chorvasi uchun somon ivitadigan, yemish tayyorlaydigan oxurini qurib olgan.
Sport zalining yechinish va kiyinish xonalari torligi sababli mebel jihozlari joylashtirilmagan. Yuvinish xonasi umuman yo‘qligi, ventilyatsiya tarmog‘i ishlamasdan bino ko‘rkiga dog‘ bo‘lib turganiga guvoh bo‘ldik. Oqibatda qishda havo juda sovub ketayotgan bo‘lsa, yozda haddan tashqari isib ketadi.
Maktab oshxonasi garchi ishni tashkil qilishga sharoiti bo‘lsa-da, 1987 yildan buyon umuman ishlamasligi oydinlashdi. O‘rnida kantselyariya tovarlarini sotish joyi yaratib olingani, oziq-ovqat mahsulotlari esa uyda qo‘lbola tayyorlab, keltirilib, o‘quvchilarga sotilishi ma'lum bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida oshxona yuritish tadbirkorlarga tender asosida berilishi kerak bo‘lsa-da, bu ishga panja orasidan qarab kelinmoqda, tender uchun taklif ham berilmagan. Natijada 841 nafar tarbiyalanuvchining ovqatlanish masalasi, ularning sihat-salomatligiga munosabat ochiq qolmoqda.
Tibbiyot xonasida ichimlik suvi o‘rni bo‘lsa-da, jo‘mraklar o‘tgan asrdan buyon zanglab, buzilib yotibdi. Zarur dori-darmon vositalari yetishmaydi. Bu noxush holatni hozir ta'til davri va ta'mirlash ishlari ketayotgani bilan izohlashga urinishdi. Bolalarning o‘zi yo‘qligi aytilgan bo‘lsa-da, bu yerda tashkil etilgan kunduzgi oromgohda qirq nafarga yaqin bola qatnayotganini nazardan chetga qochirish mumkinmi?
Maktab stadionini begona o‘t bosib yotibdi. Maydoncha chegara chiziqlari chizilmagani sababli qayerda boshlanib, qayerda tugashi ham noma'lum. Hududda kesilgan pala-partish o‘tinlar joylashtirilgan. 10 sotixdan kam bo‘lmagan 2ta yer maydoni 10 yildan buyon umuman foydalanilmasdan, qarovsiz ahvolda yotibdi. Bu yerlarni chopib, mevali daraxtlar ekish, maktab kam-ko‘sti uchun foydalanish ma'murlarning parvoyiga ham kelmagan.
Sobiq tir, ya'ni o‘q otish binosi 1990 yildan omborxona vazifasini o‘tamoqda. Ichiga har xil ashqol-dashqollar qalab tashlangan. Mavjud 6ta kichik qozonxonadan 2tasi ishlamaydi, maktab yonidagi zovur chiqindi bilan to‘lib yotibdi. Maktab kutubxonasida badiiy kitoblar yetishmaydi. Bu yerga oxirgi martda 2017 yil 30 sentabrda 221 dona kitob keltirilgan.
Informatika xonasida informatika o‘qituvchisi Bahodir Yusufjonovning aytishicha, maktabda internet ishlaydi. Lekin u o‘z yonidan «USB» qurilmasiga har oyda 60 ming so‘m pul tashlab dars o‘tmoqda. Vaholanki, har bir maktab uchun viloyat xalq ta'limi boshqarmasidan yillik smeta asosida mablag‘lar ajratilmoqda. Bu pullar qaysi operatorga tashlanayapti, kim uning ijrosiga mas'ul degan savol ochiq qoldi. Internet bo‘lmagach, kompyuter darslarining ham salmog‘i, unumdorligi va sifatida kamayadi.
Hududdagi talabga javob bermaydigan 3ta eski simyog‘ochni temir beton tayanchlariga almashtirish zarur. Simlar halqasimon bo‘lib osilib qolgan, aholi ham o‘z ehtiyojiga moslab sim liniyalarini xonadoniga tortib ketavergan. Chunki bu yerda kichik transformator joylashgan-da.
Maktab «Obodlik» shoh ko‘chasi yonida joylashgan bo‘lib, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash xodimlari tomonidan tezlikni pasaytiruvchi belgilar qo‘yilmagan. Maktab direktori Tavakkaljon Toshmatov bu haqda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlariga murojaat qilmagan. Oqibatda katta tezlik bilan harakatlanayotgan ulovlar bolajonlar hayotiga jiddiy xavf solmoqda.
Kutilmaganda respublika miqyosidagi muammo chiqib qoldi. Maktab burchagidagi 16x21 metr joyda uchastka profilaktika inspektori uchun yashash uyi qurilayotganini izohlashga til ojiz. Huquq posbonining uyi ham bitay deb qolgan, pardoz-andoz ishlariga navbat hademay yetib keladi. Maktabda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar oldini olish uchun mahalla xodimlari va profilaktika inspektoriga alohida xona ajratish masalasi-ku kunday tushunarli. Ammo maktabning hududidan profilaktika inspektoriga alohida uy qurib berish uchun joy berish amaliyotiga huquqiy va ma'naviy baho berish lozim.
Maktab direktori yerni ajratish bo‘yicha hech qanday qarorni taqdim eta olmaganidek, hokim rozilik bermasa, bu ish boshlanmasligi ham rost edi. Viloyat mutasaddilari ehtimol buning sabablarini jo‘yali tarzda izohlab berishar, lekin xalq ta'limi vaziri bundan xabardormikan? Maktablar hududlarida bekor-bo‘sh qolgan yerlardan aslida maktab ehtiyojlari uchun foydalanish kerak emasmidi? Bunga ruxsat berish orqali yana boshqa ijtimoiy xodimlarga ham uy kerak bo‘lsa, maktabning qolgan bo‘sh yerlaridan ham oz-ozdan ajratib beraverish mumkin, degan ma'no-mantiq chiqmaydimi? Bu ketishda olgan olganniki, ot minganniki bo‘lib ketmaydimi? Tuman hokimi ijtimoiy obektlardan boshqa maqsadlarda yer maydonlarini ajratish faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan amalga oshirilishini bilmaydimi? Tuman miqyosida bir necha maktabda shu tariqa yer ajratilishiga yo‘l qo‘yilgani tashvishlanarlidir.
Ishchi guruhi o‘rganishlaridan keyin maktab hududidagi chiqindilar to‘liq chiqarib tashlandi, hojatxona ta'mirlandi hamda ariqlar tozalandi. Maktab kutubxonasini qo‘shimcha badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish, maktab atrofidagi o‘tinlarni va mavjud omborxonani tozalash, qo‘lbola usulda oziq-ovqat mahsulotlari va kantselyariya tovarlarini sotishga chek qo‘yish, o‘quv sinfxonalaridagi ayrim buzilgan stullarni ta'mirlash, maktab stadionidagi o‘tlarni tozalash, chegara chiziqlarini chizish, tibbiyot xonasini zarur dori-darmonlar bilan ta'minlash, maktab atrofining ochiq qolgan joylarini devor bilan o‘rash, mavjudlarini ta'mirlash, yong‘in xavfsizligi uchun mo‘ljallangan hovuzda kran jo‘mraklarini ishlatish choralari ko‘rildi. Qo‘shni xonadonlar tomonidan qurib olingan noqonuniy tovuq kataklari va oxurlar buzib tashlandi, shoh ko‘chada piyodalar o‘tish chizig‘i bo‘yaldi. Aniqlangan boshqa kamchiliklarni hal qilish «Yo‘l xaritasi»ga kiritildi.
Laziz RAHMATOV,
jurnalist
Mavzuga oid
14:48 / 22.10.2024
Narkokurerga yordamlashgan profilaktika inspektori uzoq muddatga qamaldi
09:10 / 07.08.2024
Bo‘stonliqda profilaktika inspektori xotini va 7 oylik chaqalog‘ini, so‘ngra o‘zini otib o‘ldirdi
07:35 / 27.07.2024
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTH oqibatida bir kishi vafot etdi
21:00 / 05.06.2024