Toshkentda giyohvand vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxsga hamda bu borada unga yordamlashgan profilaktika inspektoriga hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan, Andijon shahrida yashovchi Sh.A. giyohvand vositalarini bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish bilan shug‘allanib kelgan. U Telegram’dagi giyohvand moddalar onlayn savdosi bilan shug‘ullanadigan kanal egasidan topshiriqlarni olib turgan. Sh.A. asosan Rossiya davlatidan turli maishiy texnikalar ichiga berkitilgan holda jo‘natilgan giyohvand vositalarini yashirilgan yoki jo‘natilgan manzilidan olib, boshqa joyga yetkazib bergan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini tortmaslik hamda shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ishda yordamlashish uchun esa Andijon tuman IIO FMB XPB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan, 1991 yilda tug‘ilgan I.T. bilan jinoiy til biriktirgan.

Jumladan, Sh.A. 2024 yil 29 fevral kuni Rossiyadan O‘zbekistonga issiqlik pechi ichiga yashirilgan holda jo‘natilgan ko‘p miqdordagi giyohvand vositasini qabul qilib olgan. So‘ngra Telegram’da giyohvand moddalar onlayn savdosi bilan shug‘ullanadigan kanal egasi bilan aloqani uzgan Z.Yu. huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan yoki ushlanmaganini bilish uchun I.T.ga so‘rovnoma jo‘natgan. Profilaktika inspektori orqali Z.Yu.ning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ib, ulardan foydalangan.

2024 yil 5 mart kuni soat 17:00 da Sh.A. noma’lum shaxs tomonidan Rossiyadan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li orqali olib kelingan 4 dona yelim idish ichidagi 356,7 gramm mefedron moddasini Yangihayot tumani hududida qabul qilayotgan payti tezkor tadbirda ushlangan. Tezkor tadbir davomida Sh.A. vaqtinchalik yashayotgan Yashnobod tumani Elbek ko‘chasidagi xonadonda kelgusida sotish maqsadida giyohvand vositalari saqlab kelayotgani aniqlangan.

Profilaktika inspektori I.T. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.

Sh.A. bilan Andijon shahridagi fitnes klubida tanishganman. U tez kunda Andijon viloyatiga ko‘p miqdordagi psixotrop moddalar jo‘natilishi haqida ma’lumot borligini, xohlasa aytishini, ularni jinoyat ustida qo‘lga olishim mumkinligini bildirgandi. Uning bu taklifiga rozi bo‘lib, agar haqiqatan ham ma’lumotlari ishonchli bo‘ladigan bo‘lsa, bu haqda IIB boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat qilib, tezkor tadbir o‘tkazishim mumkinligini aytganman.

Sh.A. giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishini, shu moddalarning sotilishida ishtirokchi ekani haqida umuman gapirmagan. Dastlab tadbir haqida aytganida unga agar bu narsalarning ichida o‘zing ham bo‘ladigan bo‘lsang, seni ham qamashga majbur bo‘laman, deganman.