Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerikada yashovchi o‘zbek yigiti va'dasida turdi: u Toshkentda Amerika-Ispaniya Futbol Akademiyasiga asos soldi
Dunyo ahli Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionati rivojini katta qiziqish bilan kuzatayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda jahon futbolining bo‘lg‘usi yulduzlar avlodini tayyorlashga jadal kirishilmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, KUN.UZ'da O‘zbekistonda tug‘ilib, AQShda o‘qish va ishlashga ketgan Shuhrat Qosimov Amerikada O‘zbekiston turizmi targ‘ibotini yo‘lga qo‘yib, UzbekistanTurismo bolalar futbol jamoasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgan edi. U bir kun kelib, albatta, O‘zbekiston rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga va'da bergan edi. U va'dasiga vafo qildi! Shuhrat O‘zbekistonga kelib, o‘z vatanida Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi faoliyatiga start berdi va shu tariqa mamlakatdagi sport turizmini rivojlantirishga hissa qo‘shishni boshladi.

2018 yilning 2 iyulida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi sport kompleksi stadionida MySoccerAcademy Amerika-Ispaniya Futbol akademiyasi (AIFA)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Respublika miqyosidagi ushbu loyiha O‘zbekistonda yuqori darajali futbol rivojiga muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda.

AIFA ochilishida qatnashgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, loyiha maqsadi - O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirish, yosh futbolchilarni loyiha hamkorlari hisoblangan mamlakatlar - AQSh, Ispaniya, Braziliya, Venesuela, Kolumbiya va Argentina futbol klublarining professional usullari asosida har tomonlama tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash, AIFA yuniorlarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga yordamlashish, futbol bo‘yicha milliy terma jamoa uchun sport zahirasini tayyorlash, sport targ‘iboti va yoshlarning intellektual jihatdan rivojlanishiga ko‘maklashish.
AIFA loyihasi tashabbuskori o‘zbekistonlik ishbilarmon, "GoUzbekTour.com" va "UzbekistanTurismo.com" turkompaniyalari asoschisi, AQSh (Orlando, Florida shtati)dagi Futbol akademiyasi hamkori Shuhrat Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «INTOUR TRAVEL» MChJ kompaniyasi qo‘llab-quvvatlashi ostida mamlakatda futbolning o‘ziga xos uslubini rivojlantirishga qaror qildi.

"Amerika-Ispaniya futbol akademiyasini tashkil qilish g‘oyasi menda ikki yil avval paydo bo‘lgan. Ikki o‘g‘limni AQShdagi Futbol akademiyasiga olib borganman, mashg‘ulotlarni kuzatib, O‘zbekistonda ham ana shunday akademiya ochish istagi tug‘ildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda barcha sohalar, shu jumladan turizm sohasiga katta e'tibor qaratayotganliklaridan ilhomlanib, vatanimda ham turizm, ham sportni rivojlantirishga hissa qo‘shish istagi tug‘ildi. Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik", - deydi Shuhrat Qosimov KUN.UZ muxbiriga.
Loyiha tashkilotchilari futbolga qiziquvchi barcha o‘zbekistonlik bolalarga jahon miqyosida professional futbol bilan shug‘ullanish, yuniorlar o‘rtasidagi xalqaro turnirlar, futbol yulduzlarining mahorat darslarida qatnashish va mazkur loyiha hamkor mamlakatlarining diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qilish imkonini taqdim etish niyatidalar.

"Bu tadbirlarda ishtirok etish uchun biz eng yaxshilarini tanlamaymiz - bunday imkonga hamma ega!" - AIFA faoliyatining asosiy tamoyili shunga asoslanadi.
Dastlabki bosqichda AIFAga bolalarni jalb qilish va o‘rgatish Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi sport seksiyalarida olib boriladi. Ularda 4 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar ishtirok etishlari mumkin. Ilk uch oyda o‘zbekistonlik murabbiylar mashg‘ulotlarni AQShdagi Amerika-Ispaniya Futbol akademiyasi asoschilari Nelson Veles va Gustavo Jyeremillo tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida olib borishadi. Keyingi oylarda mashg‘ulotlarni loyihaning hamkor mamlakatlari - AQSh, Ispaniya, Braziliya, Kolumbiya, Venesuela, Argentina professional klublarining O‘zbekistonga taklif qilingan murabbiylari o‘tkazishadi.

O‘qish davomida asosiy e'tibor bolalarda futbol bo‘yicha professional sport ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga ularning intellektual va shaxs sifatida o‘sishiga, barcha o‘quv predmetlaridan ajoyib ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritishlariga qaratiladi.
"Sport va intellekt sizlarning oldingizda futbol yulduzi bo‘lish va dunyoni tanish imkonini ochadi!", - deya hisoblashadi AIFAning O‘zbekistondagi asoschilari.
AIFA loyihasiga start berilish vaqtiga kelib O‘zbekistonda 10 ga yaqin murabbiy o‘z shogirdlari bilan mazkur dastur bo‘yicha shug‘ullanishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Bu esa poytaxtning tuman sport seksiyalariga qatnovchi 150 dan ziyod yosh futbolchilardir.

"O‘zbekiston juda chiroyli va mehmondo‘st mamlakat ekan. Biz bu yerga futbolning yangi uslubini targ‘ib qilish, bolalarga Amerika-Ispan va Yevropa futbolini o‘rgatish uchun keldik. Tez orada men bu yerdan ketaman, lekin qalbimning bir bo‘lagi O‘zbekistonda qoladi, - deydi Futbol akademiyasining AQSh (Orlando, Florida shtati)dagi asoschilaridan biri Gustavo Jyeremillo. - Yaqin orada bu yerga xorijlik murabbiylar va oila a'zolarim bilan qaytaman. O‘zbekiston menda juda katta taassurot qoldirdi, shu bois mening oila a'zolarim va hamkasblarim ham bu ajoyib mamlakatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini istardim".

Uning ta'kidlashicha, AIFA O‘zbekistonga Lotin Amerikasi va Yevropa futbolining miks variantini olib kirmoqda. Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi iqtidorli bolalarga ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Akademiya o‘zbekistonlik bolalarni nafaqat futbol o‘ynashga, balki ularni sportning bu turiga doir bilimlarini ham boyitishni maqsad qilgan. Gustavoning so‘zlariga ko‘ra, bolalarni tanlashda ularning shuningdek maktabda yaxshi o‘qishlariga, yaxshi xulq-atvor egasi ekanliklariga ham katta e'tibor qaratiladi.

"AQShda Amerika-Ispaniya futboli bo‘yicha har yili xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi va keyingi yillarda ularda o‘zbekistonlik bolalarning ham ishtirok etishini rejalashtiryapmiz. Biz Ispaniyaning RC Celta futbol jamoasining rasmiy hamkorlari hisoblanamiz. Asosiy maqsadlarimizdan biri O‘zbekistondagi iqtidorli bolalarni tanlab olib, AQSh yoki Ispaniyaga olib borish va ularning iste'dodini skautlarga (iqtidorli yosh o‘yinchilarni sotib oluvchi xaridorlarga) namoyish qilish. Skautlar ularga qiziqish bildirgan taqdirda, o‘zbekistonlik bolalar Yevropaning oliy liga jamoalarida to‘p surish imkonini qo‘lga kiritishadi. Joylar cheklanmagan, bolalar AIFA talablariga javob bersa, jamoalarimizga qabul qilinadi. Yaxshi o‘qishi, namunali xulqi bilan ajralib turuvchi va futbolda yuqori natijalarni ko‘rsatgan yoshlar (16-20 yosh) kelgusida AQShning yetakchi universitetlarida byudjyet asosida o‘qish imkonini ham qo‘lga kiritishlari mumkin", - dedi Gustavo Jyeremillo.
AIFA ochilishida hurmatli mehmon sifatida qatnashgan o‘zbekistonlik murabbiy Igor Shkvirinning fikriga ko‘ra, bunday sport loyihalari bolalarga professional darajada sport bilan shug‘ullanish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

"Mana, yaxshilab qarasangiz, ularning formasidan tortib to sport anjomlarigacha - barchasi professional darajada tashkil qilingan. Bolalarni umumjamoa bo‘lib harakat qilishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Ularning futbolga doir oladigan bilimlari ham motivatsion tamoyillarga asoslanadi. Masalan, 3-4 yoshli bolani futbolga qanday qiziqtirish mumkin? U bilan baravar yugurish kerak. Yevropa va boshqa xorijiy mamlakatlarda hozir shunday tendensiya ketmoqda. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida sportga katta e'tibor qaratilmoqda. Bugunga kelib, O‘zbekistonning barcha tumanlarda futbol maydonlarini ko‘rish mumkin. AIFAning xorijlik mutaxassislari futbol maydonlarining ko‘pligini ko‘rib, hayratlarini yashirishmadi. Mehmonlar tungi soat 2 atrofida futbol o‘ynayotgan yoshlarni ko‘rib, "Hatto Amerikada bunday holatni ko‘rish amri mahol" deyishdi, - deydi u.

O‘zbekistondagi Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi asoschisi Shuhrat Qosimovning aytishicha, 4 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan, futbolga qiziqqan bolalar O‘zbekistonda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan 10 jamoa (hozircha 10, kelgusida ularning ko‘lami kengayadi) safiga qo‘shilishi mumkin bo‘ladi.
"Hozircha 10 nafar murabbiy bilan ishlayapmiz, ularga ham har yili Amerikada bo‘lib malaka oshirish imkoni taqdim etiladi. Amerika-Ispaniya futbol akademiyasi hozircha faqat Toshkent shahrida ishga tushadi, keyinchalik uning ko‘lamini kengaytirish niyatimiz bor. Do‘konlarni aylanib, bu yerda futbolchilar uchun kerak anjomlarning juda kamligiga guvoh bo‘ldik. Biz AQShga borib, barcha zarur anjomlarni O‘zbekistonga olib kelib, shundan keyin faoliyat doiramizni kengaytirishga qaror qildik", - deydi Shuhrat Qosimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Akademiya dasturi asosida shug‘ullanish istagini bildirgan va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan 10 jamoadagi bolalar oyiga 100 ming so‘m evaziga AIFA sirlarini o‘rganishga kirishishdi. Yangi qo‘shiladigan tarkibdagilar esa oyiga 300 ming so‘m to‘lab, yashash joyiga qarab, o‘ziga qulay bo‘lgan jamoaga qatnashi mumkin bo‘ladi.
"Biz O‘zbekistondagi vaziyatni o‘rganib chiqib, AIFAda to‘p surish imkon qadar hamyonbop bo‘lishiga e'tibor qaratyapmiz", - qo‘shimcha qiladi vatandoshimiz.

Bundan tashqari, Shuhrat Qosimov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi islohotlardan ilhomlanib, mamlakat rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan qator takliflarini tayyorlab, ularni amalga oshirishga doir aniq tasavvur, bilim hamda imkoniyatga egaligiga amin bo‘ldik. Amerikada yashovchi vatandoshimizning turizm, tashqi savdo, sport, ta'lim sohalari bo‘yicha O‘zbekistonni rivojlantirishga doir qiziqarli takliflari va loyihalari haqida ma'lumot olishni istasangiz, KUN.UZ'ni kuzatishda davom eting.
Mavzuga oid
17:53 / 23.06.2026
Prezident “Navbahor” futbol klubining akademiyasida bo‘ldi
20:35 / 16.06.2026
O‘zbekistonlik hakamlar Shotlandiya - Marokash o‘yiniga tayinlandi
23:42 / 11.06.2026
Joze Mourinio «Real»ga qaytdi
21:30 / 10.06.2026