Jahon | 21:07 / 02.07.2018
32133
2 daqiqa o‘qiladi

Biror marta adashmagan “bashoratchi” sakkizoyoq nimtalab sotib yuborildi

Futbol bo‘yicha jahon chempionatida Yaponiya terma jamoasi natijalarini to‘g‘ri “bashorat qila olgan” sakkizoyoq egasi tomonidan nimtalab sotib yuborildi. Bu haqda South China Morning Post nashri ma'lum qildi. 

Foto: twitter.com/mizuhara_kai

Rabo laqabli ulkan sakkizoyoq Yaponiyada o‘zining aniq bashoratlari bilan mashhurlashib ketgandi. Sakkizoyoqni terma jamoa o‘yinlaridan oldin Yaponiya, raqib jamoa bayroqlari va “durang” belgisi bo‘lgan kichik suv havzasiga solib, so‘ngra qaysi tomonga borishi kuzatilgan. Rabo biror marta adashmagan: u Yaponiyaning Kolumbiya ustidan g‘alabasini, Senegal bilan durangini va Polshadan mag‘lubiyatga uchrashini to‘g‘ri ayta olgan.

Foto: twitter.com/mizuhara_kai

Sakkizoyoqni Xokkaydo sohillari yaqinida tutib olgan baliqchi Kisuo Abe chempionatning tugashini kutib o‘tirmay, Raboning uchinchi bashoratidan keyin uni nimtalab, bozorda sotib yuborgan. Baliqchi sakkizoyoq Yaponiyaning barcha uchta uchrashuvi natijasini to‘g‘ri topa olganidan xursandligini va terma jamoaga buyog‘iga yordam beradigan yana bitta Rabo paydo bo‘lishiga umid qilishini aytgan.

Yaponiyaliklar bugun, 2 iyulda 1/8 finalda belgiyaliklar bilan bahslashishadi.

Mavzuga oid