Jahon | 20:56 / 02.07.2018
8205
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili unga Gruziya fuqaroligi qaytarilishini talab qildi

Foto: Gleb Garanich / Reuters

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili rasmiy Tbilisidan unga Gruziya fuqaroligi qaytarilishini talab qildi. Saakashvilining bu boradagi bayonoti “Rustavi 2” telekanali tomonidan e'lon qilindi. 

Saakashvili o‘z murojaatida Gruziya prezidenti Georgiy Margvelashvilini “mutlaq qo‘rqoq” deb atagan. “Agar u zig‘ircha erkak bo‘lsa, unda zig‘ircha insoniylik bo‘lsa, u holda menga fuqarolikni qaytarsin”, deb aytgan Saakashvili. “Meni Gruziyaga kiriting va men sizga hukumat kimdan qo‘rqishini va xalqni kim bilan qo‘rqitishini ko‘rsataman”, deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi.

Saakashvilining aytishicha, uni fuqarolikdan mahrum qilishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan, Gruziyaning amaldagi hukumati harakatlari esa uning Gruziya siyosiy hayotida ishtirok eta olmasligiga qaratilgan. “Nima uchun nohukumat tashkilotlari menga prezident saylovlarida qatnashishga imkon berishmayotgani haqida sukut saqlashmoqda?”, deb aytgan Saakashvili.

Siyosatchi u bilan gruzin xalqi o‘rtasida hech qachon “filtrlar” bo‘lmasligiga ishonch bildirgan. “Menda toza qo‘llarim va obro‘imdan boshqa hech narsa yo‘q”, deb qo‘shimcha qilgan Saakashvili.

Gruziya prezidenti ma'muriyatida Saakashvilining murojaatiga javob qaytarilgan. “U fuqarolikdan uni Georgiy Margvelashvili mahrum etmaganini yaxshi biladi. Saakashvili shaxsan o‘zi va ongli ravishda Ukraina fuqaroligi foydasiga Gruziya fuqaroligidan voz kechgan. Bundan tashqari, u o‘tgan vaqt ichida Gruziya fuqaroligi qaytarilishi iltimosi bilan biror marta murojaat qilmagan”, deb aytgan Margvelashvili ma'muriyati boshlig‘i.

Saakashvili 2015 yil may oyida Ukraina pasportini olgani sababli Gruziya fuqaroligidan shu yil dekabrida mahrum etilgan. Gruziya qonunlari ikki fuqarolikni taqiqlaydi,. 2017 yil yozida Saakashvili Ukraina fuqaroligidan ham mahrum etilgandi.

Saakashviliga nisbatan Gruziyada bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U, shuningdek, qidiruvga berilgan.

Mavzuga oid