O‘zbekiston | 19:04 / 05.07.2018
45213
3 daqiqa o‘qiladi

Oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olishga doir qaror imzolandi

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi 3827-sonli qaroriga muvofiq, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda, quyidagilar ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni hamda jamiyatdagi va oiladagi ma'naviy-axloqiy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa holatlarni qo‘zg‘ata oladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olish, shuningdek, ushbu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etishini ta'minlash;
  • ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishda, yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarni, birinchi navbatda oilaviy-maishiy nizoli vaziyatlarni hal qilishda davlat organlarining o‘zaro hamkorligini, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;
  • nizoli vaziyatlarning erta oldini olishga, eng avvalo, «xavf ostidagi guruh»da bo‘lgan shaxslar va oilalarni aniq maqsadda qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini takomillashtirishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish;
  • nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish sabablarini, o‘z joniga qasd qilish kayfiyatini qo‘zg‘atadigan omillarni aniqlash hamda o‘rganish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini, shu jumladan jazo muqarrarligini ta'minlash, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash orqali qaror toptirish;
  • jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy va shaxslararo munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish jarayonlariga daxldorlik hissini kuchaytirish.
Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid