19:15 / 07.07.2018
17080

Nogironlik aravachasida 16 kunlik sayohat: Qahramon Uzoqov Tashkent city'ga yetib keldi

Shahrisabzlik Qahramon Uzoqov 400 kmdan ortiq masofani nogironlik aravachasida bosib o‘tib, Tashkent city'ga yetib keldi. Bu haqda Kun.uz​ muxbiri xabar bermoqda.

1 iyul kuni Kun.uz​ saytida Qahramon Uzoqovning Shahrisabz-Samarqand-Toshkent yo‘nalishida sayohatga chiqqani haqida xabar berilgandi. Uning aytishicha, nogironlik aravachasida yirik qurilish loyihalari amalga oshirilayotgan Tashkent city sayohatning so‘nggi manzili sanaladi.

«Uzoq yo‘lga chiqqanimda menga ko‘pchilik ishonmadi. Sayohatning 16 kuni, mana yetib keldim. Xudoga shukur! O‘zgarishlar, yangilanishlar juda ko‘p, ishonmasangiz, siz ham yurt aylaning», deya ko‘rganlarini aytib bera boshladi.

Qahramonning ta'kidlashicha, yo‘lda uchragan minglab haydovchilarning deyarli barchasi uni qo‘llab-quvvatladi.

«Go‘yoki, butun olam meni qo‘llab turdi. Suv berib o‘tadi, ozroq suhbat qiladi, suratga tushadi... Kimdir qo‘yarda-qo‘ymay pul berdi, hech bo‘lmaganda, signal chalib, jilmayib o‘tadi. Ular orasida 4-5 nafar so‘kong‘ichlar ham bor. Yo‘l-yo‘lakay tunash uchun joy topish ham qiyin bo‘ldi. Uyida joy bo‘la turib, kiritmaganlar ham bor, ammo ularning harakati hech qachon yaxshi odamlar bajarayotgan ishlarga soya solmaydi. Yaxshilar dunyoda ko‘p», deydi u.

Samarqandda Imom al-Buxoriyni ziyorat qilgan Uzoqovni Toshkent shahrida Tashkent city direksiyasi direktorining birinchi o‘rinbosari Hayot Inogamov va bir guruh quruvchi-muhandislar qarshi olishdi.

«Televizorda ko‘rgan boshqa, jonli, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rish boshqa ekan. Endi qishloqdagilarga bularni aytib bersam, ishonarmikan», deb kuladi Qahramon.

Unga Tashkent city direksiyasi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi. 16 kunlik noodatiy safardan so‘ng, Uzoqov shifokorlar ko‘rigidan o‘tib, 7 iyul kuni Shahrisabzga jo‘nab ketdi. Bu gal u Qashqadaryoga yengil avtomobilda qaytib ketdi. 

Imkoniyati cheklangan shaxsning yordamchilarsiz uzoq yo‘l bosib o‘tishi, ayniqsa O‘zbekiston haqida gapirsak, Qahramon Uzoqov voqeasi yorqin hodisaga aylandi. Bu bilan, u kishilarga orzu-umid yo istaklar sari dadil qadam tashlashni o‘rgatdi. O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishni rejalashtirayotgan Qahramonimizning eng katta orzusi esa aravachada Hajga yetib borish...

Top