O‘zbekiston | 19:55 / 09.07.2018
9429
3 daqiqa o‘qiladi

IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida Jamoatchilik kengashi tuzildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi Nizomi ishlab chiqilib, Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Nizom mazkur kengashning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilab beradi.

Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, Ichki ishlar vazirining buyruq va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu nizomga amal qilgan holda olib boradi.

Jamoat kengashining asosiy vazifalari haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, kengash yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va ushbu sohada xavfsizlikni ta'minlash masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini tizimli ravishda o‘rganadi. Shu bilan birga, 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasining va u asosida qabul qilinadigan Yo‘l xaritalarida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirilishi va natijalarini monitoring qilish hamda boshqa bir qator masalalar asosiy vazifa etib belgilandi.

Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari qoida tariqasida uning har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladigan majlislarida ko‘rib chiqiladi. Zarur hollarda esa Jamoatchilik kengashining navbatdan tashqari majlislari ham o‘tkazilishi mumkin.

Ushbu Jamoatchilik kengashi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.

Jamoatchilik kengashi tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a'zolari kiradi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, mazkur kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi. Ayni vaqtda unga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi siyosiy sharhlovchisi Qobilbek Karimbekov rais etib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi a'zosi, iste'fodagi polkovnik G‘ayratjon Boltabayev esa uning o‘rinbosari etib tayinlandi.

Qabul qilingan mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, 9 iyul kuni «Davlat organlari qoshida Jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilingan edi.

Mavzuga oid