Jahon | 19:26 / 09.07.2018
13384
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada saratonga qarshi davolanish bepul

Foto: Shutterstock

Turkiya hukumati xususiy shifoxonalarda barcha turdagi onkologik kasalliklarni davolash va jarrohlik o‘tkazish xizmati tekin amalga oshirilishini e'lon qildi. Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Julide Sariyero‘g‘li saratonni davlashga sarflanadigan barcha qo‘shimcha xarajatlarni tugatish uchun nizom ishlab chiqilganini e'lon qildi. 

“Ushbu xastalikdan to‘liq forig‘ bo‘lishlari uchun bemorlarimizga bergan va'damiz ustidan chiqishga muvaffaq bo‘ldik”, dedi u.

Bu Turkiyadagi tibbiy sug‘urtani amalga oshiruvchi Ijtimoiy himoya fondiga yiliga 750 million turk lirasi (162.4 mln AQSh dollari) miqdoridagi qo‘shimcha  xarajatlarni olib keladi. Ushbu ko‘rsatkich bir yilda 240 mln. liradan o‘sib borishi mumkin. Shunga qaramasdan vazir tibbiy xizmatlar sohasida xarajatlarga bog‘liq bo‘lmagan islohotlar amalga oshirilishidan umid qilmoqda. Xususiy shifoxonalar davolanish xarajatlari uchun hukumat tomonidan ajratiladigan to‘lovlar borasida 200 foiz o‘sishga erishadi.

Turkiyada har yili taxminan 164 ming, bir kunda esa 450 nafar fuqaroga  saraton tashxisi qo‘yiladi. O‘pka va ko‘krak saratoni eng keng tarqalgan hastalik ekanligi aniqlandi hamda bu ko‘rsatkich barqaror saqlanib turibdi. Mamlakat saratonning tarqalishi bo‘yicha rivojlangan AQSh va Yevropa davlatlaridan keyingi o‘rinlarda turadi.

O‘pka saratonidan so‘ng prostata saratoni erkaklarda tez-tez kuzatilmoqda. O‘tgan yili 27 mingga yaqin kashandalik bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Hukumat 2009 yilda jamoatchilik joylarida chekishni man qilgan va bu borada keskin choralarni qo‘llashga harakat qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida bayon qilinishicha, 17 ming ayol ko‘krak saratonidan aziyat chekyapti. Onkologik kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qo‘yish maqsadida 33 ta ko‘chma tibbiyot birlashmasini qamrab oluvchi 198 ta markaz faoliyat olib boradi. Ayniqsa, ko‘chma tibbiy muasssasalar kasallikni erta aniqlash imkoniyatini oshiruvchi skrining testlarini o‘tkazmoqda.

Yaqin yillar ichida Turkiya sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlarni amalga oshirdi. Hukumat o‘quv shifoxonalarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarga xizmat ko‘rsatishda sodir bo‘layotgan byurokratizmga barham berdi. Mavjud kasalxonalar modernizatsiya qilindi va yana yangi 500 ta tibbiyot muassasasi ish boshladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid