O‘zbekiston | 19:07 / 11.07.2018
26134
3 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonda yangi masjid qurish masalasiga to‘xtalib o‘tdi

Joriy yilning 11 iyul kuni Xalqaro Press-klubning «Vaqf: xayriya mablag‘lari boshqaruviga shaffof yondashuv» mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda yangi masjidlar qurish va barpo etish masalasi, shuningdek, ehtiyojlari tahlil etildi.

«O‘zbekiston hududida yangi masjidlarni barpo qilish, qurish, degan takliflar berilmoqda.  Bu qanchalik to‘g‘ri, hozirgi kunda yangi masjidlarga qanchalik ehtiyoj bor?», deb savol bilan yuzlandi sessiya moderatori Jaloliddin Usmonov.

Jaloliddin Usmonov
Foto: Xalqaro Press-klub

«Odamlar katta mablag‘lar bilan kelishyapti. « Ruxsat bering, men dadamning nomiga masjid qurmoqchiman», deydi. Nega bunday bo‘lyapti, atrofda masjidlar bormi, desak, «Bor», deydi. Mana, ikkita mahallaga masjid yetarli, lekin men niyat qilganman, deydi. Savobini olib, otamizning haqiga duo olaylik, deguvchilar ko‘p.

Boshqa jihatdan olib qarasak, odamlarning masjidga bo‘lgan faolligi juda yaxshi, savob qilmoqchi. Lekin, savobning hammasini qanday qilish kerak? Qur'on yoki hadisda faqat masjid qursagina savob olinib, boshqa savobtalab masalalar yo‘qmi?

Bu borada odamlarda ma'naviy hamda diniy bilimlari yetishmayapti. Bizda hozir qancha ko‘prik qurilishi kerak bo‘lgan joylar turibdi, bog‘chalar kerak. Ehtiyojmand oilalar, uysiz, boquvchisi yo‘q kishilar bor. Biz qancha-qancha savoblarni boy beryapmiz.

Foto: Xalqaro Press-klub

Bir kishi honaqoh sig‘imi 10 ming kishi uchun mo‘ljallangan masjid quraman deyapti. Mayli, borib o‘rganyapmiz, bu yerda o‘zi ehtiyoj bormi, kim chiqadi masjidga desak, «Ha, endi yaxshi niyat qilib, qurib qo‘yaveraylik, bir gap bo‘lar», deyapti. Peshin namozida o‘sha yerda edik, 10 kishi keldi», — deb savolga javob berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan.

Abulhasanga ko‘ra, kishilar shaklga berilib ketmoqda, shu o‘rinda mazmun unutilmoqda. Yangi qurilgan masjid atrofida nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, pulga muhtoj, kam ta'minlangan oilalar yashasa, qanday qilib bunyodkorlarning ichi chiqadi?!

«Masjidni qurishga talpinayotgan mablag‘dor shaxslar xayriyasini vaqfga yo‘naltirishi mumkin. Vaqfning savob ekani, uning o‘lchovi ham yo‘qligini to‘g‘ri targ‘ib qilish kerak», — deydi Abulhasan.

Nuriymon Abulhasan
Foto: Xalqaro Press-klub

Mavzuga oid