Jahon | 23:50 / 16.07.2018
40051
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz yaxshi gaplashdik, Donaldga rahmat». Tramp va Putinning matbuot anjumanidan asosiy gaplar

Foto: Valeriy Sharifulin/TASS

Finlyandiya poytaxti Xelsinkida Donald Tramp va Vladimir Putinning ilk to‘liq formatli uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bungacha ikki prezident o‘tgan yil kuzida Hamburgda bo‘lib o‘tgan G20 sammitida hamda kuzda Vetnamda o‘tkazilgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkiloti sammiti doirasida uchrashgandi.

Ikki siyosatchining tet-a-tet formatidagi uchrashuvi ikki soatga yaqin vaqt davom etdi. Shundan keyin tomonlar matbuot anjumanida qatnashishdi. Quyida anjumanda aytilgan asosiy so‘zlar keltiriladi.

Vladimir Putin. Hech kimga ishonib bo‘lmaydi. Tramp menga ishonishi, men unga to‘liq ishonishim haqidagi gapni qayerdan oldingiz? Men Rossiya manfaatlarini himoya qilaman, u — AQSh manfaatlarini himoya qiladi. Tramp yana bir bor Amerika saylovlari xususida to‘xtaldi, men yana bir bor biz hech qaysi saylovga aralashmaganimizni takrorlashga majbur bo‘ldim. Men o‘zim razvedkada xizmat qilganman — men maxsus xizmatlarning hisobotlari qanday yozilishini juda yaxshi bilaman.

Bizda 1999 yili imzolangan jinoiy ishlarda o‘zaro yordam berish bo‘yicha kelishuv mavjud. Biz amerikaliklarga saylovlarga aralashganlikda gumon qilinayotgan maxsus xizmatlarimiz xodimlarini so‘roq qilishlarida yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Ammo biz ham o‘zimizga kerakli odamlarni so‘roq qilishimiz, barchasini batafsil bilishimiz kerak — masalan, Hermitage Capital kompaniyasi va Uilyam Brauderni. Amerikaliklar tomonidan ayblov qo‘yilgan Rossiya razvedka boshqarmasining 12 xodimi haqida hozircha hech narsa bilmayman. Barchasini demokratik sud hal qiladi!

Qachonki, Tramp prezidentlikka nomzod bo‘lganida, rossiyaliklar unga simpatiya bildirishgandi. Men ham uning g‘olib chiqishini istagandim, chunki u Rossiya-Amerika munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risida gapirardi. Tramp Qrimning qo‘shib olinishini tan olishga shoshilmayapti, biz esa uni qaytarishga shoshilmaymiz. Bu ajoyib uchrashuv bo‘ldi, Donaldga katta rahmat. Mana bu koptok sizga!

Donald Tramp. Men Putinni ajoyib raqib deb atayman — bu kompliment! Men tinchlikka erishish uchun hamma ishni qilaman, lekin menga OAV va Demokratik partiya xalal beradi. Men o‘zimizning maxsus xizmatlarga ishonaman, ammo Rossiya qachondir, qayerdadir saylovga aralashgani bo‘yicha aniq dalil bormi? Nima uchun menga hech kim  Demokratik partiyaning go‘yoki buzilgan pochtasi serverini ko‘rsatmaydi? 33 mingta xat qani? Prezident Putin menga juda qattiq ishonch bilan aytmoqdaki, aralashuv bo‘lmagan. Bu ish bo‘yicha tekshiruvlar bizning munosabatlarni buzmoqda. Umuman, munosabatlar har qachongidan yomon ahvolga kelgandi. Ammo to‘rt soat muqaddam, barchasi yaxshi tomonga o‘zgara boshladi.

Mavzuga oid