Light | 19:10 / 18.07.2018
13195
6 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilingizni internet orqali sotmoqchimisiz? Foydali layfxak

Avtomashinani sotishda uning e'londagi curati muhim rol o‘ynaydi. Axir, xaridor mashina bilan tanishishdan avval uning rasmini ko‘radi. Quyida avtomashinani sotish uchun qanday qilib suratga olish kerakligi haqida kerakli tavsiyalar bermoqchimiz.

Agar e'londa yuqori sifatli va tiniq kadrlar ko‘p bo‘lsa, avtomobilni tez va yaxshi narxda sotish imkoni ortadi. Biroq, e'londagi mashina fotosuratsiz yoki ikkita xira rasm bilan berilgan bo‘lsa, bu xaridorni darrov aynitadi. Shuning uchun, avtomashinangizning yaxshi tomonini ko‘rsatadigan 10-20ta sifatli fotosurat olishingiz kerak.

Shunday yaxshi:

Bunday olmang:

Avtomashinani tayyorlang

Mashinangizni suratga olishdan avval uni yaxshilab yuving. Avtomobilning kirligi tasvirda yaqqol bilinadi. Yuvish uchun xarajat qilishga og‘rinmang, zero, xaridor siz aytgan narxga ko‘nsa, sarflagan pulingiz ikki-uch barobar bo‘lib qaytadi. Avtoulovni to‘liq yuvdirgan ma'qul: kuzov qismini polirovka qildirish, salonni kimyoviy tozalash kerak. Bularning hammasi suratda aniq ko‘zga tashlanadi. Tasvirga olishdan avval salon ichidagi ortiqcha narsalar –  navigator, munchoqlar, videoregistratorlarni, bagajdan esa kanistr, asboblar va boshqa keraksiz narsalarni olib tashlang. 

Yaxshi joy toping

Avtomobilni axlatxona, garaj, eski uylar fonida suratga tushirmang. Oddiygina bir xil rangdagi devor (avtomobil rangidan farq qilsa yanada yaxshi) oldida tasvirga tushirgan ma'qul. Muhimi, avtomoykadan uzoqlashib ketmang. Chunki mashina yana kirlanib qolsa, yuvdirish muammo bo‘lishi mumkin. Unutmang, Siz toza deb o‘ylayotgan kuzov kadrda kir, xira, oxorsiz bo‘lib ko‘rinadi.

Shunday yaxshi:

Bunday olmang:

Boshqa mashinalar fonida suratga olish ham noto‘g‘ri. Chunki sizning  mashinangiz qolib, boshqa avtoulovlar xaridorni jalb qilishi mumkin. Alohida boshqacha fonni ham qidirish kerak emas (hatto fotoshopda qo‘yilgani ham), ular xaridorni uzoqlashtiradi.

Suratga olish texnikasi

Qanday apparatda suratga olish kerak? Aksariyat sotuvchilar ko‘p hollarda smartfonlardan foydalanishadi. Chunki sifatli tasvir olish imkoniga ega smartfonlar hozir ko‘p. 
Endi qanday suratga olishga kelsak. Sizda avtomobilning har tomonidan olingan eng kamida 8ta tasvir bo‘lishi kerak. Ular avtomobilning umumiy ko‘rinishi, rakursning 3/4 qismini egallovchi o‘ng va chap tomoni, old va orqa tomonlardir. Aytgancha, old g‘ildiraklar to‘g‘ri turishi yoki kadrga disk bilan biroz burilgan holatda bo‘lsin. 

Shunday yaxshi:

Mashinaning biror joyini yirik planda suratga olish kerakmi? Agar u muhim bo‘lsa olish mumkin. Misol uchun, sizda maxsus seriyadagi avtomobil bo‘lsa, seriya yozuvini aniq-tiniq suratga tushirishingiz mumkin. Xaridorga ko‘p ma'lumot beruvchi suratlar yaxshi, albatta. Lekin unutmang, sizning vazifangiz fotosan'at bilan shug‘ullanish emas, balki ko‘p ma'lumot beruvchi tasvirlarni to‘plashdir.

Shuningdek, avtomobilning kapot qismini ochiq holatda olishni ham unutmang. Motor qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlangani yaxshi. Ba'zi xaridorlar o‘ta toza motorlardan cho‘chishadi. Chunki kir dvigatelga qarabgina hech qayerdan yog‘ tommayotganini bilish mumkin.

Shunday yaxshi:

Yana bir jihat, suratga olish jarayonida soyalar qayerga tushayotganligiga ahamiyat bering. Soyalar mashinaning old qismini to‘sib qolmasligi kerak. Umuman, soyalar avtomobilning ko‘rkini yashiradi.

Bunday olmang:

Mashina kuzovini suratga olib bo‘lganingizdan so‘ng, endi uning salon qismiga ham o‘tishingiz mumkin. Buning uchun sizga 4-5ta kadr yetarli. Ideal holatda bitta kadrda salonning umumiy ko‘rinishi, yana bir kadrda old va orqa o‘rindiqlar tasvirlangan va bitta kadr old o‘rindiqning orqa tomonidan olingan manzarasini ko‘rsatishi kerak. Shuningdek, muhim detallarni ham e'tibordan qochirmaslik kerak (masalan, avtomashinaga qimmat ovoz tizimi o‘rnatilgan bo‘lsa, ko‘rsatish mumkin). Rul esa tekis holatda tursin.

Shunday yaxshi:

Bunday olmang:

Shuni ham inobatga olish kerakki, suratga olish jarayonida ko‘proq kadrlar to‘plang (takroriy kadrlar ham), so‘ng ulardan eng yaxshilarini tanlab olishingiz mumkin bo‘ladi. Ko‘p hollarda fotoapparat yoki smartfon kameralaridagi tasvir monitor tasviridan farq qiladi. Shu sababli, ko‘proq kadr olinsa, tanlash imkoni ham ortadi.

Qayta ishlang

Aslida, bir marotaba olingan eng yaxshi kadrni e'longa joylagan yaxshiroq. Hozir zamonaviy smartfonlarda suratga olish jarayonining o‘zidayoq, tasvirni tahrirlash mumkin. Kadrlarni ochartirish va to‘qroq qilish imkoniyati ham bor. Qolaversa, kompyuter yordamida suratlarni qayta ishlasa bo‘ladi. Buning uchun fotosuratlarni tahrir qiluvchi dasturlardan foydalanasiz. Biroq o‘ta ko‘p tahrirlash ham yaxshi emas. Haddan ziyod ishlov berib yuborilgan surat tabiiy chiqmaydi.

Mana, endi E'LON QILING!

Endi avtomobilni gazeta-jurnal yoki internetdagi «e'lonlar taxtasi»ga joylasangiz ham bo‘ladi. Savdoingizning barakasini bersin!

Internet ma'lumotlari asosida

Tohirjon G‘ofurov tayyorladi 

Mavzuga oid