Daraxtlarning xunini kim to‘laydi? - Past Darg‘omda maktab direktori tashabbusi bilan 40ta chinor kesib tashlandi
Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi Parchachandir qishlog‘idagi 29-maktabda 30 yillik soppa-sog‘ chinorlar kesilib, buxorolik tadbirkorlarga pullab yuborilayotgani haqida xabar e'lon qilgan edik.
Kun.uz muxbirlari vaziyatni voqea yuz bergan joyga borib o‘rgandi.
29-maktab direktori Bahrom Abdurahimovning aytishicha, 750 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maktabda 850 o‘quvchi ta'lim olmoqda.
Maktab 1990 yilda qurib, foydalanishga topshirilgan maktab foydalanishga topshirilishidan bir yil avval ayni paytdagi keksa pedagoglar tomonidan 40 tup chinor ekilgan.
30 yillik yillik chinorlarning chetdagi 7tasi qiyshiqroq o‘sgan, qurt-qumursqalar ichini kemirgan, lekin ularga qo‘shib qolgan 33 tup soppa-sog‘ chinorlar bugungi kunda kesib tashlanmoqda.
Maktab direktori B.Abdurahimov buning uchun maktab jamoasi majlis o‘tkazganini, tuman hokimi ruxsat bergani da'vo qiladi.
Qolgan hujjatlarga e'tibor beramiz: barchasi maktab direktori Bahrom Abdurahimov shaxsiy tashabbusi bilan boshlangan.
1). 29-maktab direktori 24 may kuni tuman hokimi S.Ergashevdan maktabdagi ko‘p chillik chinorlar kasallangani (ularning aksariyati — 33tasi sog‘lom ekani yashirilib), ildizlari beton lotoklarni yorib chiqayotgani va shamol chog‘ida o‘quvchilar ustiga qulab tushishi mumkinligi va chinorlarning ortidagi archalarning o‘sishiga xalaqit qilayotganini bildirib, ushbu daraxtlarni kesish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat olib berishni so‘ragan (maktab direktori xatidagi xatolarga e'tibor bering);
Holbuki bu masalada maktab boshlang‘ich kasaba uyushmasi a'zolarining mazkur masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishi 11 iyun kuni o‘tkazilgan (teparoqdagi suratga qarang).
Demak, 24 may kuni tuman hokimiga murojaat qilish tashabbusi maktab direktori B. Abdurahimovning yakkayu yolg‘iz o‘zidan chiqmoqda.
Yaxshi! Davom etamiz…
2). 2 iyun kuni tuman hokimi o‘rinbosari T.Hamzayev imzosi bilan Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i F.Ne'matov nomiga xat jo‘natib, 29-maktab hududidagi ko‘p yillik chinor daraxtlarini kesib olishni o‘rganish uchun mutaxassis jo‘natishni so‘ragan;
3). F.Ne'matov esa 4 iyun kungi xati bilan Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari bioxilmaxillikni va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyasi boshlig‘i D.Ro‘ziboyevga daraxtlarni kesish uchun mutaxassis xulosasi berishni so‘ragan;
4). 7 iyun kuni mazkur Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari bioxilmaxillikni va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyasi inspektori N.Hasanov 7ta chirigan chinorni kesib tashlash, 33ta sog‘lom chinorni esa maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirilib kesish mumkinligi haqida dalolatnoma tuzib beradi;
5). Garchi dalolatnoma 2018 yil 7 iyun kuni tuzilgan bo‘lsa-da, Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari bioxilmaxillikni va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyasi orqa sana — 4 iyun sanasi bilan №173-sonli xulosasini Past Darg‘om tuman hokimi o‘rinbosari T.Hamzayevga jo‘natadi. Unda maktabda 33 tup chinor sog‘lom o‘sib turgani va maktab hovlisining obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlari xalaqit berayotgani haqida DALOLATNOMA tuzilgani aytib o‘tilgan.
Inspektsiya xulosasiga ko‘ra, 33ta daraxt uchun 10.575.536 so‘m pul to‘lanib, Past Darg‘om tuman hokimligidan maxsus ruxsatnoma olingach, mazkur sog‘lom daraxtlarni kesish ishlari amalga oshirilishi mumkinligi aytib o‘tilgan.
Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i 20 iyun kuni mutaxassis xulosasini Past Darg‘om tuman hokimi o‘rinbosari T.Hamzayevga jo‘natgan.
Mazkur voqeada eng hayratlanarli joyi — Past Darg‘om tuman hokimi S.Ergashevning 2018 yil 29 iyundagi farmoyishida inspeksiyaning №173-sonli xulosasi o‘rganib chiqilgani va faqat tanasi zararkunandalar bilan kasallangan 7 tup chinor tagidan kesilishigagina ruxsat berilgan. 33ta sog‘lom daraxt haqida LOM-MIM deyilmagan!
Hokim farmoyishida ijroni ta'minlash tuman hokimi o‘rinbosari T.Hamzayev zimmasiga yuklatilgan va mazkur mansabdor shaxs soppa-sog‘ daraxtlarni kesish uchun ruxsatnomani chiqartirib, maktabdagi barcha chinorlarga qiron keltiruvchi gajakdor imzosini qo‘ygan!
Mazkur masalada qiziqarli jihati — 7ta kasallangan chinorni kesish haqidagi farmoyishdan boshqa biror xatda yo ruxsatnomada tuman hokimi S.Ergashevning imzosi yo‘qligidir. Alalxusus, tuman hokimining o‘zi ham bu mashmashalardan bexabar bo‘lsa kerak.
Bu ishlarni maktab direktori, Past Darg‘om tuman hokimi o‘rinbosari, inspeksiya inspektori aslo qandaydir manfaat yuzasidan amalga oshirgan, deyishdan o‘ta yiroqmiz. Ular barcha vijdonli amaldorlarga xos tarzda, bu ishlarni o‘rtaga bir tiyin aralashtirmasdan, top-toza vijdon amri bilan tekinga amalga oshirishgan, albatta. Haqiqatdan ham, har bir murojaatga hokimlik va idoralar mana shunday, risoladagidek juda tez javob berishi ham kerak-da, o‘zi. O‘z kasbiga, davlat ishonib topshirgan mansabga vijdonan yondashish mana shunaqa bo‘ladi. Qaniydi, fuqarolarning oylab devonxonada «achib» yotadigan murojaatlariga mana shunday, yashin tezligida javob berilsa!
Ajablanarlisi — maktab direktori B.Abdurahimovning bizga aytishicha, sog‘lom chinorlarni kesish uchun 10,5 million so‘mni ham to‘lagan, hamda ularni xarid qilayotgan buxorolik xaridor Shonazar Jumayev daraxtlar evaziga maktabga yana 6ta noutbuk va printer olib berar va maktabning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanar ekan.
Xo‘p, amal-taqal qilib chinorlar kesilibdi, ularni bozor narxida hisoblatib, pullarni tiyin-tiyinigacha maktab kassasiga kirim qilish, degan gaplar yo‘q. Bo‘yi 15 metrlik 33ta sipta chinorga 6ta noutbuk va printer! Profit!
Endi o‘rinli bir savol tug‘iladi: to‘ppa-to‘g‘ri, shamshoddek o‘sib turgan chinorlar shamolda o‘quvchilar ustiga tushib shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘sha shoxlari kesilib, tartibga solinishi mumkin edimi yo‘qmi?! Bir chetda o‘sib, maktab hovlisiga qalin soya berib turgan chinorlar kimga xalaqit berayotgan edi?! O‘sha lotok o‘lgurni o‘zini ta'mirlash yaxshi bo‘lmasmidi?!
Bitta daraxtni mana shunday tarbiyalab, o‘stirish uchun qariyb 30 yil vaqt kerak bo‘libdi. Yaqindagina maktabga direktor bo‘lgan yana qancha ishlashi noma'lum bo‘lgan B.Abdurahimov kabi shaxslarning istagi bilan, yashil boyligimiz bo‘lgan daraxtlarni avaylab-asrash uchun mas'ul bo‘lgan idoralar soppa-sog‘ daraxtlarni kesish uchun ruxsatnomalar va dalolatnomalar berib yuboraverishi mantiqqa to‘g‘ri keladimi?! Endi mazkur vaziyatda tuman hokimi o‘rinbosari T.Hamzayev, hududiy inspeksiya inspektori N.Hasanovga o‘xshagan shaxslar tabiatni muhofazalovchimi yoki daraxtlarning dushmanimi?! Nima deb o‘ylaysiz?
Bu savol bizga ham qiziq. Shu sababli, Kun.uz tahririyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Past Darg‘om tuman hokimligi, tuman xalq ta'limi bo‘limidan mazkur masala bo‘yicha javob kutib qoladi.
P.S. Mazkur surishtiruvning e'lon qilinishi biroz kechikdi, biz borgan kuni chinorlarning ayrimlari kecilmasdan turgan edi. Lekin motoarralar shay, benzinlar baklashkada edi. Biz surishtirib bildikki, 33ta sog‘lom chinorning barchasi allaqachon tag-tubidan kesib tashlanib, Buxoroga olib ketilgan. Shox-shabbalarni yig‘ishtirish, to‘nkalarni kavlab olish ishlariga esa maktab o‘qituvchilari safarbar etilgan.
Maktab kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan chinorlarni kesishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasiga qo‘l qo‘ygan ayrim xodimlar esa o‘z imzolaridan tonishmoqda.
Qizig‘i endi boshlanadi. Kun.uz’dan uzoqlashmay turasiz…
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri
Mavzuga oid
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
09:54 / 12.12.2024
Samarqandda bog‘cha yonib ketdi
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024