O‘zbekiston | 09:44 / 18.07.2018
8518
5 daqiqa o‘qiladi

Turonbank: Yosh bankirlar bilan ochiq muloqot

Foto: Turonbank

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 4 iyul kuni “Yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta'minlash” masalalariga bag‘ishlab, o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda 2018 yil 27 iyundagi PF-5466-sonli farmon bilan tasdiqlangan “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi ijrosidan kelib chiqib, 2018 yil 14-15 iyul kunlari Toshkent shahrida «Turonbank» ATB tizimida yoshlar bilan ishlashni yanada takomillashtirish mavzusida bankning Toshkent shahri va viloyatlardagi filiallarda ishlayotgan 100 nafarga yaqin iqtidorli yoshlar ishtirokida ochiq muloqot ko‘rinishida seminar bo‘lib o‘tdi.

«Turonbank» ATB Boshqaruv raisi Ch.S.Mirzayev seminarni ochar ekan, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar hamda bugungi kunda Turonbank tizimida ishlayotgan iqtidorli yoshlar va ularni qo‘llab - quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga va kelgusida yoshlar o‘zlarining iqtidor va qobiliyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Bank Boshqaruvi raisi tomonidan, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida moliyaviy muassasalar qoshida tashkil etilgan o‘quv kurslarda 60 nafar yoshlar, bank tomonidan viloyatlarda o‘tkazilayotgan seminarlar davomida 500 nafarga yaqin xodimlar kasbiy malakalarini oshirganligini, yosh iqtidorli va boshqaruv qobiliyatiga ega yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti bankda keng joriy etilganini aytib, tijorat banklari o‘rtasida o‘tkazilgan “eng yosh faol bank xodimi” tanlovining Namangan va Samarqand viloyatlari bosqichi sovrindorlari Ulug‘bek Xamroqulovga va Ma'ruf Tirkashevga hamda sportning “Taekvon-do” turi bo‘yicha O‘zbekiston, Osiyo va Jahon chempionatlari sovrindori Davlatjon Olimjonovga alohida minnatdorchilik bildirib, ularni maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan mukofotladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov seminarda so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda bunga javoban yurtimiz yoshlari tomonidan xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari, musiqa tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotganligini faxrlanib gapirdi.

Foto: Turonbank

Shuningdek, seminar davomida O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Axmedov va “Saodat” jurnali bosh muharriri, shoira Munavvarxon Usmonovalar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yoshlar harakati mas'ul xodimi Nurshod Ramozanovning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati to‘g‘risidagi ma'ruzasi esa yoshlar tomonidan qiziqish bilan tinglandi.

Ochiq muloqot vaqtida yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan savollarni bank rahbariyatiga berish bilan birga, bankni yanada rivojlantirish uchun innovatsion yangiliklar va axborot texnologiyalarning eng so‘nggi yutuqlarini qo‘llash yuzasidan takliflarini bildirdilar va eng faol qatnashgan yoshlar, bank rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Seminarning ikkinchi kuni yoshlar, Toshkentning qadimiy ziyoratgohlari “Zangiota” majmuasi va “Hazrati Imom” qadamjolarini ziyorat qilishib, eng so‘nggi innovatsion texnologiyalar asosida barpo etilayotgan “Tashkent City” va “Islom sivilizatsiyasi markazi” loyihalari hamda qurilish maydonlarida ketayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar.

Shundan so‘ng, seminar ishtirokchilari birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, hurmat bajo keltirishdi hamda “Islom Karimov muzeyi” va “Temuriylar tarixi” davlat muzeyiga tashrif buyurdilar. Har ikkala muzeydagi eksponatlar yoshlarda faxr hissini uyg‘otib, ona vataniga bo‘lgan muhabbatini yana bir karra oshirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Turonbank rahbariyati tomonidan har oyda tashkil etilib kelinayotgan bu kabi seminarlar xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, ularning ona vatanga bo‘lgan sadoqatini va o‘tmish ajdodlari tarixini o‘rganish orqali kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Mavzuga oid