O‘zbekiston | 23:26 / 20.07.2018
157904
2 daqiqa o‘qiladi

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li o‘z vazifasidan ozod etildi

Foto: muxlis.uz

Bugun, 20 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov buyrug‘i asosida Toshkent shahrida joylashgan “Shayx Zayniddin” masjidi imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li o‘z vazifasidan ozod etildi.

Uning o‘rniga Toshkent shahri, Chilonzor tuman bosh imom xatibi Abdukarimov Xusniddin Tojiddinovich “Shayx Zayniddin” masjidi imom xatibi lavozimiga tayinlangan.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining nima sababdan lavozimidan ozod etilgani haqidagi ma'lumotga aniqlik kiritilmagan.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li o‘z faoliyatini 1998 - 1999 yillarda Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi “Hazrati Umar” jome' masjidida imom – xatib vazifasidan boshlagan. 1999 - 2000 yillarda Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” jome' masjidida imom noibi vazifasida ishlagan. 2010 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom - xatibi o‘rinbosari. 2011 yildan buyon Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va “Shayx Zayniddin” jome' masjidi imom – xatibi bo‘lib ishlab kelayotgan edi. 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining “Ozodalik imonning go‘zal bahosi”, “Masjid odoblari”, “Ro‘za tutish odoblari”, “Haj manosiklari”, “Isrofdan saqlanaylik”, “Mehr - oqibat jannat garovidir” nomli risolalari chop etilgan. Uning eng mashhur kitoblari “Kibrdan saqlanaylik”, “Jannat kaliti”, “Qo‘shnichilik haqlari va odoblari” hisoblanadi.
 
Hozirda uning tashabbusi va rahbarligi ostida Muxlis.uz sayti faoliyat yuritib kelmoqda.

Mavzuga oid