16:34 / 24.07.2018
5463

Bojlar qurol sifatida. 2018 yilgi jahon savdo urushigacha bosib o‘tilgan yo‘l

Foto: getty images

Jahon zamonaviy savdo siyosati 1930 yildan, AQSh Kongressi Smut-Xouli protektsion qonunini qabul qilgan paytdan boshlanadi. Parlament bu hujjat orqali Buyuk tushkunlik davrida qishloq xo‘jalik va sanoat mahsulotlari importi uchun bojlarni ko‘targandi. Boshqa mamlakatlar ham xuddi shu tarzda javob qaytarishdi va AQSh ta'siridan qochish uchun bir-birlari bilan faol savdo olib bora boshladi, deb yozadi Forbes.

Protektsion qonun AQShning Birinchi jahon urushidan keyin kuchayib borgan izolyatsionizm va milliylashtirishining natijasi bo‘ldi hamda mamlakatni Buyuk tushkunlikka olib keldi. Hozirgi voqealar o‘sha davrni eslatib yubormoqda. AQSh prezident Tramp rahbarligida proteksionizm va izolyatsionizm siyosatiga o‘tmoqda.

Ammo Tramp shuni yodda tutishi lozimki, protektsion qonun qabul qilinganidan so‘ng AQSh prezidentligiga nomzod Franklin Ruzvelt Smut-Xouli qonuniga qarshi chiqish kampaniyasiga rahbarlik qilgan va saylovlarda g‘olib chiqqan. Amerikani 2020 yilda Tramp tariflariga qarshi kampaniya kutib turgani haqidagi savol hozircha ochiq turibdi.

Ruzveltdan JSTga

1934 yilda o‘zaro savdo kelishuvlari haqidagi qonunni imzolagan jahonda bugunga qadar ustunlik qilib kelgan liberal siyosat to‘lqinini boshlab berdi. Bu qonun AQShdagi eksportchi kompaniyalarning urinishlariga qaramasdan, tariflarning pasayishiga omil bo‘ldi.

Foto: Xinhua

Qonun prezidentga xalqaro savdo sohasida ikki tomonlama muzokaralar olib borish huquqini berdi va atigi besh yil ichida 19ta savdo kelishuvi tuzishga erishildi. 

O‘zaro savdo kelishuvlari haqidagi qonunda ilk bor xalqaro savdo qoidalari aks etdi va bu 1947 yilgi tarif va savdo bo‘yicha bosh kelishuvga yo‘l ochdi. U birinchi xalqaro savdo kelishuvi bo‘lib, «tariflarni va boshqa savdo to‘siqlarini kamaytirish hamda xalqaro savdoda diskriminatsiyani yo‘qotish» maqsadida 23 davlat tomonidan imzolandi.

Natijada bosh kelishuv o‘rnini tarkibiga 123 davlat kirgan Jahon savdo tashkiloti egalladi. JST tuzilganidan so‘ng jahondagi savdo hajmi 1950-2007 yillarda o‘rtacha 5,1%ga oshdi.

 

Xavfli qonun

JST tuzilguniga qadar AQSh hukumati savdo ekspantsiyasi haqidagi qonunni qabul qilgan, qonun prezidentga milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi yoki unga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi mahsulotlarga nisbatan bir tomonlama tartibda tariflar joriy etish huquqini berardi. Bu qonun 1981 yildan beri 16 marta qo‘llanilgan va Tramp bu yil mazkur qonundan foydalanib po‘lat va alyuminiy importiga nisbatan tariflar joriy etdi.

Avvaliga Tramp bu tariflarni Xitoydan keladigan qo‘shimcha mahsulotlar eksportiga ta'sir ko‘rsatish uchun o‘rnatdi. Xitoy AQShning eng asosiy savdo hamkori hisoblanadi.

O‘zaro bog‘langan bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushi tashqi iqtisodiy munosabatlar rivojini sekinlashtirishi mumkin.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi yaqinda savdo urushida to‘liq simmetrik javob (ya'ni soliqlarni muvofiqlashtirish) neytral ta'sir ko‘rsatishi, ammo importga tariflar orqali javob choralari ko‘rish butun jahon savdosiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini bildirdi.

Forbes'ning taxminiga ko‘ra, bu urushda faqatgina har ikki davlatning oddiy fuqarolari jabr ko‘rishadi, chunki tariflar oshishi natijasidagi iqtisodiy va ijtimoiy pasayishlar ularning zimmasiga tushadi. Har ikki davlat iqtisodiyotini inflyatsiya kutadi, zero import qilinadigan mahsulotlar narxi oshadi, bu esa mahsulotlar yetkazish hajmi kamayishiga va narxlarning oshishiga olib keladi.

Top