O‘zbekiston | 20:14 / 24.07.2018
10349
2 daqiqa o‘qiladi

Murojaatlarni vaqtida ko‘rib chiqmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi

Foto: O‘zA

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarining arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etgan yoki  davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va muddatlarini buzgan mansabdor shaxslar hamda xizmatchilar javobgarlikka tortiladi. 

Davlat xizmatlari agentligi rasmiy vakilining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi quyidagi 2 ta modda, ya'ni 215(5) va 245(5) moddalari bilan to‘ldirilmoqda.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlari nomidan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va jarima tariqasidagi ma'muriy jazo choralarini qo‘llashga quyidagilar haqli:

- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori va uning o‘rinbosarlari;

- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmalarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari.

Ma'lum qilinishicha, endilikda davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda, arz qiluvchidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirig‘ini) bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid