Rasmiy bayonot: Xalq ta'limi vazirligi Samarqandda qiynoqqa solingan bolalar voqeasiga munosabat bildirmoqda
Xalq ta'limi vazirligi Samarqand shahridagi 64-sonli maxsus maktabda o‘quvchi bolalar qiynoqqa solinishidan chuqur tashvishda ekanini bildirmoqda.
Vazirlik Axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, vazirlik rahbariyati mazkur holat bo‘yicha chuqur tashvishda va zudlik bilan Samarqand shahridagi mazkur holatni o‘rganib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruhni yubordi.
Ma'lum qilinishicha, Xalq ta'limi vazirligining maxsus ishchi guruhi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birgalikda diqqat bilan surishtiruv ishlarini olib borishadi va o‘rganish natijalariga ko‘ra huquqbuzarlikka aloqador barcha shaxslar O‘zbekiston Respublikasida belgilangan qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Xalq ta'limi vazirligi har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka qarshi va jamoatchilik (ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va boshqalar)ni zo‘ravonlik holatlarini aniqlashda hushyor bo‘lishga hamda huquqbuzarlik aniqlanganda zudlik bilan Xalq ta'limi vazirligi va huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishga chaqiradi.
Ma'lumot uchun, Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta'limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internat og‘ir xulq-atvorga ega, uzoq muddat hisobda turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga ko‘ra huquqbuzarlik sodir etgan, biroq jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan 11−16 yoshdagi voyaga yetmagan bolalar joylashtiriladigan yagona muassasa hisoblanadi. Shuningdek bu yerga individual profilaktik ishlar olib borilganiga qaramasdan huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayri ijtimoiy harakatlarni sodir etishda davom etuvchi bolalar ham keltiriladi. Bugungi kunda maktab-internatda 109 nafar o‘quvchi, 44 nafar o‘qituvchi va 34 nafar texnik xodim mavjud.
Mavzuga oid
13:49
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024