Jahon | 08:37 / 26.07.2018
7880
2 daqiqa o‘qiladi

Eng qimmat turuvchi xakerlik xizmati ma'lum qilindi 

Foto: Fotolia / Denys Prykhodov

Bankomatlar uchun zararli dasturiy ta'minot yaratish yashirin internetda eng qimmat turuvchi xakerlik xizmati hisoblanar ekan. Bunday dasturlarga talab taklifdan 3 marta ko‘proqni tashkil qiladi. Bunday ma'lumotlar axborot xavfsizligi sohasida faoliyat yurituvchi Positive Technologies kompaniyasi tadqiqotida keltirilgan. 

Mutaxassislar internetning yashirin segmentida sotiluvchi turli vositalar va xizmatlarning minimal va o‘rtacha narxini baholab, eng qimmat turuvchi kibermahsulot bankomatlarga mantiqiy hujumlarni o‘tkazuvchi dasturlar ekani haqidagi xulosaga kelishgan. Bunday tayyor dasturlar narxi 1,5 ming dollardan boshlanar ekan.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, jinoiy kiberxizmatlar bozorida zararli dasturlar yaratish va tarqatish bilan bog‘liq xizmatlar asosiy talabga ega (55 foiz). Shuningdek, kriptomaynerlar (20 foiz), xakerlik utilitalari (19 foiz), botnetlar yaratish uchun zararli dasturlar (14 foiz), masofadan kirish uchun troyan dasturlari (12 foiz) va tovlamachi-troyan dasturlar (12 foiz) keng tarqalgan.

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, “darknet”da (yashirin internet) buzib kirishga talablarning katta qismi saytlardagi zaif joylarni topish (36 foiz) va elektron pochtalar parollarini olish (32 foiz) bilan bog‘liq. Taklif qilinuvchi xakerlik xizmatlari orasida ijtimoiy tarmoqlar va elektron pochtalar qayd qilish yozuvlarini buzib kirish yetakchilik qiladi (33 foizdan). Positive Technologies tahlilchilari bunday ko‘rsatkichlarni odamlarning boshqalarning yozishmalariga kirish istagi bilan bog‘lashmoqda.