Sovuqqonlik biologga uch metrli timsoh og‘zidan qutulishga yordam berdi
Dengiz biologi Melissa Kristina Markes timsoh og‘zidan qanday qutulib chiqqanini aytib berdi. Uning hikoyasi Jezebel nashrida chop etildi.
U timsoh hujumiga Karib dengizidagi Xardines-de-la-Reyna arxipelagida akulalar haqida hujjatli film suratga olayotganida duch kelgan. Uch metrli timsoh u tunda akvalangda suvga sho‘ng‘iganida oyog‘idan tishlab olgan.
«Ularning qanday ov qilishlarini bilaman, shuning uchun har qanday sharoitda ham oyog‘imni qimirlatmaslikka qaror qildim», — deydi u.
Markes bunday vaziyatda vahimaga tushish o‘lim bilan tengligini bilardi.
Yirtqich uni asta tortib keta boshlagan, u esa ichida shunday o‘ylagan: «Yaxshi, gidrokostyum qonni tashqariga chiqarmaydi va timsoh qonni sezmaydi. U faqat neopren ta'mini his qiladi. Shunda meni qo‘yib yuboradi».
Markes suv tubidagi toshlarga osilib qolishga uringan, ammo uning qo‘li hech narsaga ilinmagan. U suratga olish chog‘ida foydalanadigan mikrofonga «Meni tishlab olishdi va tortib ketishyapti», — degan. Shu lahzada timsoh jag‘larini ochgan. Markes esa darhol suzish kompensatoridagi havoni chiqarib yuborgan va yuqoriga qarab o‘qdek otilgan.
«U bilan kurashmadim. Menimcha u: "Bu ovqatga o‘xshamayapti. Na ta'mi tanish, na menga qarshilik ko‘rsatdi" deb o‘ylagan bo‘lsa kerak», — deydi u.
Markes suv tubidan chiqqanidan so‘ng unga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Uning oyog‘ida timsohning ikkita tishi chuqur iz qoldirgandi.
«Xotirjamlikni saqlaganim meni qutqarib qoldi», — deb yozgan Markes Twitter sahifasida ushbu hodisadan bir oz vaqt o‘tib.
Mavzuga oid
01:00 / 29.09.2024
Tailandda fermer devor qulashi xavfi sabab 100 dan ortiq timsohini o‘ldirishga majbur bo‘ldi
07:59 / 07.06.2024
Rossiya Karib dengizida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi
20:28 / 04.06.2024
Karib dengizidagi orol suv ostiga ketmoqda - uning aholisi esa materikka ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda
12:00 / 13.10.2022