O‘zbekiston | 09:59 / 28.07.2018
12954
5 daqiqa o‘qiladi

Interpolning O‘zbekistondagi MMB boshlig‘i: Ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun 1098 nafar shaxs qidirilmoqda 

Foto: AP

Axborot texnologiyalari misli ko‘rilmagan darajada rivojlanyapti. Zamonaviy transport vositalarida bir kun ichida jahonning istalgan burchagiga yetib borish mumkin. Ana shunday bir sharoitda jinoyatchilikka, ayniqsa, uning uyushgan, transmilliy turlariga qarshi davlatlar birgalikdagina muvaffaqiyatli kurashishi mumkin.

IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining ma'lum qilishicha, mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bu borada xorijlik hamkasblari bilan hamkorligini ta'minlashda Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosining o‘rni beqiyos. Tashkilotning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati haqida Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi boshlig‘i, polkovnik Rustam Isroilov quyidagilarni gapirib berdi.

– O‘tgan davr mobaynida tegishli xizmatlar va boshqarmalar bilan hamkorlikda qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilarni va transport vositalarini aniqlash hamda bir qator yuridik va jismoniy shaxslarni tegishli hisoblar orqali tekshirish ishlari amalga oshirildi. 

Interpol MMBning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralarining xorijiy davlatlar huquq-tartibot idoralari bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha axborot almashinuvini tashkil qilish hisoblanadi.  2018 yilning ikkinchi choragida Interpol MMBga kelib tushgan hujjatlar 7 foizga, jo‘natilgan hujjatlar esa 4,5 foizga oshdi. Ularning asosiy qismini O‘zbekiston Respublikasi IIV tizimidagi hududiy ichki ishlar idoralari, xorijiy davlatlar MMBlari hamda Interpol Bosh kotibiyati bilan axborot almashinuvi hujjatlari tashkil qiladi.

Yuqoridagi raqamlarni tahlil qilsak, hozirgi kunda Interpol MMBga asosan terrorizm va ekstremizm, shaxsga va mulkka qarshi jinoyatlar, noqonuniy migratsiya va fohishabozlik, iqtisodiy jinoyatlar va qalbaki pullarni tayyorlash, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatchilik turlari bo‘yicha eng ko‘p so‘rovlar kelib tushganligini kuzatishimiz mumkin.

Ana shu so‘rovlar asosida xalqaro qidiruv e'lon qilinib, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat sodir etib, chet ellarda yashirinib yurgan bir qancha yurtimiz fuqarolari qo‘lga olindi. 

Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etib, chet el davlatlarida qochib yurgan shaxslarni aniqlash borasida sohaviy xizmatlardan MMBga kelgan  so‘rovlar asosida hozirgi kunda Interpol kanallari bo‘yicha 131 nafar shaxsga nisbatan xalqaro qidiruv e'lon qilingan.

Ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar yo‘nalishi bo‘yicha ham byuroga hududiy ichki ishlar organlaridan ko‘plab so‘rovlar kelib tushdi. Ular o‘z vaqtida o‘rganilib, o‘rnatilgan tartibda xorijiy mamlakatlarning Milliy markaziy byurolariga jo‘natilib, ijrosi MMB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan. Bugunga qadar ushbu jinoyatlarni sodir etgani uchun Interpol kanallari bo‘yicha jami 1098 nafar shaxs qidirilmoqda. Ularning 175 nafari chet el davlatlarida ekanligi aniqlangan. Joriy yilning olti oyi mobaynida bu turdagi jinoyatlarni sodir qilgan 54 nafar shaxsga nisbatan xalqaro qidiruv e'lon qilindi.

Avtotransport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar yo‘nalishi bo‘yicha kelgan so‘rovlar asosida 78ta avtotransport vositasi hisoblar orqali tekshirildi. Aniqlangan ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi IIV Axborot markazining markazlashtirilgan hisobiga va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli hisoblariga nazoratga olish uchun taqdim etildi. 

Byuroning asosiy vazifalaridan yana biri Interpol Bosh kotibiyati tomonidan tashkil etiladigan o‘quv seminarlari va konferensiyalarda O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining ishtirokini ta'minlashdan iborat. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Fransiya, Ispaniya, Tailand Qirolligi, Germaniya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda o‘tkaziladigan 11dan ortiq bunday tadbirlarga Interpol Bosh kotibiyatidan taklifnomalar olindi. Bu borada IIV rahbariyatiga axborot berish uchun vazirlikning Xalqaro hamkorlik boshqarmasiga tegishli materiallar taqdim etildi.

Mavzuga oid