Futbol klublarini moliyaviy ta'minlashning markazlashgan tizimini tashkil qilish taklif etildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida futbol klublarini moliyaviy ta'minlashning markazlashgan tizimini tashkil qilish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.
O‘zbekistonda futbolni yanada rivojlantirish, futbol klublarida sog‘lom raqobatni kuchaytirish uchun ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni markazlashgan tizimga o‘tkazishni taklif qilamiz. Hech kimga sir emas, o‘zbek futbolini mablag‘ bilan ta'minlash 80-90 foizga homiylar tomonidan amalga oshiriladi. Lekin ushbu homiylik to‘g‘ri taqsimlanmaganligi klublar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishiga, qo‘shimcha mablag‘ ishlab topishga harakat qilishga to‘sqinlik qiladi. Ya'ni, klublarning chempionatimizda egallab turgan o‘rni aksariyat hollarda homiylarga bog‘liq. Masalan, qaysidir jamoa homiysi boy bo‘lganligi sababli doimiy chet elda o‘quv yig‘inlarini o‘tkazsa, boshqa biri yig‘inlarni poytaxtda o‘tkazishga ham zo‘rg‘a mablag‘ topadi. Klublarning moliyaviy holati o‘rtasidagi farq futbolchilar bilan shartnomalar tuzishga ham salbiy ta'sir qiladi, deyiladi matnda.
“Taklifimiz shundan iboratki, O‘zbekiston Professional futbol ligasi yoki O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi qoshida alohida tuzilma ochib, respublikamizdagi barcha homiylardan tushadigan mablag‘ni shu bo‘lim hisob raqamiga tushishini ta'minlash kerak”, - deya yozadi petitsiya muallifi.
Qayd etilishicha, ushbu hisob raqamga tushgan mablag‘ har oy avtomatik tarzda bir xil miqdorda Superliga jamoalariga taqsimlanishini ta'minlash kerak, shunda hamma klublarda bir xil moliyaviy imkoniyat paydo bo‘ladi. Bu orqali klublarda qat'iy shtatlar jadvalini tasdiqlash orqali futbolchilar qo‘nimsizligining oldi olinadi, klublar o‘zlariga ajratilayotgan mablag‘ni iqtisod qilishga majbur bo‘lishadi. Yoshi katta, kelajagi yo‘q qimmat futbolchilar o‘rniga kam mablag‘ sarflanadigan yosh iqtidorlarni olishga majbur bo‘lishadi. Bundan tashqari, qo‘shimcha mablag‘ ishlab topishga harakat qilishadi. Katta mablag‘ sarflab foydasiz legionerlar olib kelish, homiylar pulini talon-taroj qilish yo‘qoladi. Klublarning moliyaviy holati PFL yoki O‘FAning doimiy nazoratida bo‘ladi, klublarning moliyaviy jarimalari, a'zolik badallari o‘z vaqtida to‘lanishi kafolatlanib, ular tomonidan qilinadigan xarajatlar shaffofligi ta'minlanadi. Qolaversa, maqsadimiz qaysidir viloyat futbolini emas, respublikamiz futbolini rivojlantirish bo‘lgani uchun barcha klublarga bir xil imkoniyat berilishi kerak deb o‘ylaymiz. Hozirgi tizim asosida kuchli oltilikka kirgan jamoaga ko‘proq, qolgan jamoalarga ozroq mablag‘ ajratish orqali intrigani, yuqori oltilikka bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish mumkin. Shunda qaysidir jamoa, hatto safar uchrashuviga borish uchun mablag‘ topishga qiynalayotganda boshqa bir jamoa chet ellardagi yig‘inlarga katta-katta mablag‘ sarflab, lekin chempionatda qoniqarsiz ishtirokining oldi olinadi.
“Futbol klublarini moliyaviy ta'minlashning markazlashgan tizimini tashkil qilish, Superligadagi klublarga bir xil moliyaviy imkoniyat berish, klublar sarf-xarajatlarining shaffofligini ta'minlash, klublar uchun yagona shtatlar birligini tasdiqlash, iloji bo‘lsa, futbolchilar uchun alohida sayt ochib, ular haqida to‘liq ma'lumot bo‘lishini ta'minlash futbolimiz rivojlanishida muhim qadam bo‘ladi”, - deya yakunlanadi murojaat.
Mavzuga oid
19:48 / 10.09.2024
Xitoyda 43 futbolchi kelishilgan o‘yinlar uchun umrbod diskvalifikatsiya qilindi
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
20:41 / 21.06.2024