O‘zbekiston | 22:16 / 30.07.2018
115431
2 daqiqa o‘qiladi

MXXning tergov boshqarmasi sobiq boshlig‘i qidiruvga berildi

Shu yilning 6 iyunida Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq tergov boshqarmasi boshlig‘i Oleg Busiginga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

O.Busyginga nisbatan sirtdan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, u qidiruvga berilgan. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan ma'lum qilishgan.

Xozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi  Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Arxiv ma'lumotlariga ko‘ra, 2008 yilda Oleg Busigin «mamlakatimizning mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish, yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan ulkan hissasi, huquq-tartibotni mustahkamlash va ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun» «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.

Manbalarning ta'kidlashicha, Oleg Busigin ayni paytda Rossiya Federatsiyasi hududida yashirinib yuribdi.

 Jinoyat kodeksining 165 moddasi tovlamachilik jinoyati hisoblanadi. Tovlamachilik - jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish.

Mavzuga oid