Jamiyat | 19:54 / 30.07.2018
14452
2 daqiqa o‘qiladi

Mikrokalkulyatorni test sinoviga olib kirishga ruxsat berish taklif qilindi

Foto: Bridge Magazine

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida abituriyentlarning o‘qishga kirish imtihonlarida mikrokalkulyatorlardan maqsadli foydalanishi haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Abituriyentlar o‘zining yoqtirgan yo‘nalishlari bo‘yicha oliygohlarga hujjat topshiradilar. O‘qishga kirish imtihonida har qanday vositalardan foydalanishning taqiqlanishi abituriyentlar oldida turgan vazifani qiyinlashtiradi. Barchamizga ma'lumki, imtihonlar matematika, kimyo, fizika, informatika kabi hisob-kitobga oid fanlarda savollarning darajasi shu qadar murakkabki, hattoki professor domlalarga ham qiyin bo‘lib seziladi. Misol uchun, o‘zingizni imtihon jarayonida deb tasavvur qilib, 22.4 ni 167 ga ko‘paytirib, chiqqan natijani 67.2 ga bo‘lishni mikrokalkulyatorsiz hisoblab ko‘ring. Savolning javobini topguncha sezilarli ko‘p vaqt ketadi. Bu oddiy bir savollardan biriga namuna xolos, deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, mikrokalkulyator aloqa vositasi emas. Shu sababdan, dunyoning juda ko‘plab davlatlarida, jumladan, Rossiya, Qozog‘istonda, qolaversa, xalqaro fan olimpiadalarida mikrokalkulyatorlardan imtihonlarda va fan olimpiadalarida foydalanishga ruxsat berilgan.

“Shu sababdan, abituriyentlarning mikrokalkulyatorni davlat test sinovlariga olib kirishlariga va foydalanishiga ruxsat berilishini taklif qilamiz”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Mavzuga oid