O‘zbekiston | 09:45 / 31.07.2018
4398
3 daqiqa o‘qiladi

«Elektron hukumat» markaziga yangi vazifalar yuklandi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 14 maydagi PQ-3724-son qarori)” 2018 yil 26 iyuldagi 583–son qarori qabul qilindi.

Unga asosan «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markaziga quyidagi vazifalar yuklandi:

«Elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirishning strategik yo‘nalishlarini, shu jumladan jahon tendensiyalarini hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini tahlil va tadqiq qilish asosida ishlab chiqish;
- elektron hukumatni rivojlantirish va davlat xizmatlarining sifatini oshirish uchun marketing va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish;
- raqamli iqtisodiyotni tartibga solish sohasidagi vakolatlarni rivojlantirish bo‘yicha uslubiy asos, shuningdek, elektron tijorat sohasidagi tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- davlat boshqaruvida raqamli platformalar va elektron boshqaruv texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, innovatsion raqamli texnologiyalarni sinov tariqasida ishga tushirish va O‘zbekiston Respublikasi sharoitida ularni keng joriy etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;
- mavjud jarayonlarni o‘rganish va tahlil qilish, shuningdek, funksional va operatsion jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- «Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish uchun ilg‘or yutuqlar va ijobiy xorijiy tajribalarni doimiy o‘rganish va tahlil qilish, hozirgi holatni tahlil qilish, O‘zbekiston Respublikasida «Aqlli shahar» texnologiyalari istiqbollarini prognozlash va joriy etish, salohiyatini baholash;
- «Elektron hukumat» tizimini samarali amalga oshirish uchun huquqiy va me'yoriy bazani takomillashtirish bo‘yicha maqsadli tahlil o‘tkazish va takliflar tayyorlash;
- ma'lumotlarni doimiy yig‘ish va tahlil qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida AKT loyihalarini joriy qilish holatini monitoring qilish;
- axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning maqsadli indikatorlari va ko‘rsatkichlarini belgilash;
- elektron tijorat sub'yektlari milliy reyestrini shakllantirish, yuritish va yanada takomillashtirish.

Yuqoridagi Qarorga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 16 sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 250-son qarorining 2-bandiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Mavzuga oid